04.02.2014 15:15
Koreya Respublikasining «Severance» gospitali shifokorlari yurtimizga tashrif buyurishadi
Jumladan, jamg`arma uzoq yillardan beri Koreya Respublikasining bir qator xalqaro tashkilotlari va Universitetlari bilan hamkorlikda keng ko`lamda faoliyat olib bormoqda. 2013 yilda In Xa Universiteti Gospitali malakali shifokorlari yurtimizning bir necha hududlarida bo`lishib, jami 820 nafar bemorlarni umumiy chuqurlashtirilgan tibbiy ko`rikdan o`tkazishdi. Shuningdek Koreya Respublikasining “Junior Chamber International – JCI” va Cha universiteti qoshidagi Bundan Cha Gospitali malakali shifokorlari Toshkent pediatriya tibbiyot instituti Klinikasida jami 50 nafar tug`ma yurak nuqsoni tashxisli bemor bolalarni umumiy chuqurlashtirilgan tibbiy ko`rikdan o`tkazishdi.
Koreyalik mutaxassislarning tibbiy ko`riklardan so`ng og`ir deb topilgan 6 nafar bemorlar Koreya Respublikasi klikalarida sog`lomlashtirildi. Joriy yilning 19-26 yanvar kunlari Koreya Respublikasining Ewha Womans University gospitali malakali shifokorlari yurtimizda bo`lishib, jami 400 nafardan ortiq bemorlarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko`rikdan o`tkazishdi.
Ushbu xayrli ishlarni davom ettirish maqsadida joriy yilning 9-16 fevral kunlari Koreya Respublikasining Yonsey Universitetining «Severance» gospitali malakali shifokorlari (pediatr, kardiolog, neyroxirurg, terapevt, radiolog, oftalmolog, ginekolog, tibbiyot hamshiralari va boshqa mutaxassislar) tomonidan Respublikamizning bir necha hududlarida (10-11 fevral kunlari Jamg`armaning Tibbiy-ijtimoiy markazida va 12-13 fevral kunlari Toshkent viloyati O`rta Chirchiq bolalar shifoxonasida) bemorlarni umumiy chuqurlashtirilgan tibbiy ko`rikdan o`tkaziladi.
Tibbiy ko`riklar bilan bir qatorda xorijlik shifokorlar 12-13 fevral kunlari Toshkent pediatriya tibbiyot institutida vrach, tibbiyot xodimlari, talaba va magistrlar uchun “Bemor bolalarda tug`ilish va tug`ma yurak nuqsonini bartaraf etish davrida genodinamik asoratlari va adaptasiyasi” va “Inson organizmidagi tug`ma anomaliyalar” mavzularida ma`ruzalar o`qiladi.
Shuningdek ushbu aksiya doirasida xorijlik shifokorlar 10 fevral kuni Toshkent shahrining 9-sonli maktabi, 11 fevral kuni 24-sonli «Mehribonlik» uyi, 12 fevral kuni Toshkent viloyati O`rta-Chirchiq tumani 1-sonli maktabi, 13 fevral kuni Toshkent viloyati O`rta-Chirchiq tumani 48-sonli maktabining 6 yoshdan 12 yoshgacha bo`lgan o`quvchilarini oftalmologiya sohasi bo`yicha tibbiy ko`rikdan o`tkazishadi.





