01.02.2014 12:03
Reproduktiv salomatlik markazining yangi binosi ishga tushdi
Respublika reproduktiv salomatlik markazi Prezidentimizning 2009 yil 13 aprelda qabul qilingan “Ona va bola salomatligini muhofaza qilish, sog`lom avlodni shakllantirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”ga qaroriga muvofiq tashkil etilgan, deya xabar beradi O`zA.
Reproduktiv salomatlikni mustahkamlash bo`yicha malakali tibbiy va maslahat yordami ko`rsatish markazning asosiy vazifasidir.
Katta yoshli aholi, bolalar va o`smirlar reproduktiv salomatligi hamda o`quv-uslubiy bo`limlardan iborat markazda akusher-ginekolog, bolalar ginekologi, pediatr, endokrinolog, urolog, dermatolog, onkoginekolog, psixonevrolog, ultratovushli tekshirish shifokorlari va boshqa mutaxassislar aholiga malakali tibbiy xizmat ko`rsatmoqda.
Markazning zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan yangi binosida bugungi kun talablariga mos sharoit yaratilgan bo`lib, bu tibbiy xizmat ko`rsatish sifati hamda samaradorligini oshirishga yordam beradi.





