30.01.2014 18:31
6 mingdan ziyod fuqaro Yagona portal orqali davlat organlariga murojaat qilgan
Ma`lumki, Yagona portal 2013 yilning 1 iyulida ishga tushirilgan bo`lib, o`tgan davr mobaynida [url=http://my.gov.uz/]My.gov.uz faoliyati takomillashib, aholi uchun zarur interaktiv xizmatlar, kerakli ma`lumotlar joriy qilindi.
Ayni vaqtda Yagona portalga 300 ta davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari, joylardagi viloyat, shahar va tuman hokimliklari ulangan.
Bugunga qadar Yagona portal orqali 6 mingdan ziyod fuqarolar murojaatlari (shikoyat, taklif va murojaat) davlat organlariga yuborilgan bo`lib, ulardan 4 700 (76%) tasiga vakolatli davlat idoralari tomonidan munosabat bildirilgan. Aholi murojaatlarining 1 510 (24%) tasi ko`rib chiqish jarayonida. Mazkur murojaatlarning 660 (11%) tasi yuridik shaxslar tomonidan yo`llangan. Yagona portal foydalanuvchilariga fuqaro murojaatlariga nisbatan davlat idoralari munosabatlarini 5 ballik shkalada baholab borish, shuningdek, ularga izoh qoldirish imkoni yaratib berilgan bo`lib, bugungi kunga qadar foydalanuvchilar tomonidan 25,9 % davlat idoralari javoblari baholangan. Murojaatlarga nisbatan davlat idoralarining munosabatlari aholi tomonidan o`rtacha 3,5 ball bilan baholangan.
Mazkur 6 mingdan ziyod murojaatlarni turiga ko`ra tahlil qilganda, arizalar 59,4%, takliflar 25,8%, shikoyatlar esa 14,8% ni tashkil etdi. Mazmuni jihatidan, yo`llangan murojaatlarning aksariyat qismi (1907 tasi) davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari faoliyati, turli mavzular (504 tasi), kommunal xizmatlar (375tasi) bilan bog`liq.
Tahlillar Yagona portal foydalanuvchilarining 80 %i murojaatlariga elektron pochta orqali javob olishni ma`qul ko`rishlarini ko`rsatmoqda.
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali aholi eng ko`p murojaat yo`llayotgan davlat idoralari to`rtligiga «O`zarxiv» agentligi, IIV, Adliya vazirligi hamda Toshkent shahri hokimligi kirdi.
Matbuot anjumanida Yagona portal ishlab chiquvchilari tomonidan aholi va tadbirkorlik sub`ektlari uchun joriy qilingan xizmatlar xususida to`xtalib o`tildi.
Shuni qayd etish lozimki, Yagona portal bilan bir vaqtning o`zida aholiga Yagona portal faoliyati to`g`risida ma`lumot berish, internetdan foydalanmaydigan aholi qatlamiga davlat organlariga murojaat yo`llashlariga ko`maklashuvchi Ma`lumotlar markazi (Call-centre) ham ishga tushgan edi. Shu kunga qadar Markaz tomonidan 1000 dan ziyod aholi murojaatlari qabul qilinib, Markaz operatorlari orqali aholining 50 dan ziyod murojaatlari davlat idoralariga yo`llangan.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan Vazirlar Mahkamasining 17 yanvardagi mamlakatimizni 2013 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2014 yilga mo`ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo`nalishlariga bag`ishlangan majlisida belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirish maqsadida, joriy yilda tadbirkorlik faoliyatini yo`lga qo`yishda ruxsat berish va ro`yxatga olish jarayonlarini elektron shaklda rasmiylashtirish, kommunal, soliq va bojxona yo`nalishlaridagi xizmatlarni interaktiv shaklda taqdim etishni takomillashtirish ko`zda tutilgan.
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida bo`lishi lozim bo`lgan xizmatlar ro`yxati belgilab olingan bo`lib, uning faoliyatini yanada rivojlantirish, aholiga yaratilgan imkoniyatlarni kengaytirish maqsadida 2014 yilda bir qator xizmatlarni ishga tushirish rejalashtirilgan. Xususan, sudlanmaganlik to`g`risidagi ma`lumotnomani olish, tadbirkorlarga bojxona yuk deklarasiyasi rasmiylashtirish, davlat organi rahbarlari qabuliga yozilish, yuridik shaxslarga ko`chmas mulk uchun egalik huquqini rasmiylashtirish, pensiya to`lovlari va boshqa bir qator ma`lumotlarni olish kabi onlayn xizmatlarni ishga tushiriladi.





