02.12.2013 11:12
Ta`lim muassasalarini ta`mirlashga 31 mlrd. so`m ajratildi
Bu haqda poytaxtimizning Mirobod tumanidagi 110- maktabida Toshkent shahar Xalq ta`limi bosh boshqarmasi tomonidan umumta`lim maktablarida “Ta`lim sifatini oshirish: muammo va echimlar” mavzusida tadbirda ta`kidlandi.
Tadbirda Bolalar sportini rivojlantirish jamg`armasi, Toshkent shahar pedagogik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti, tuman xalq ta`limi muassasalari faoliyatini metodik ta`minlash va tashkil etish bo`limi xodimlari hamda o`qituvchi va murabbiylar ishtirok etdi. Bu haqdaToshkent shahar Xalq ta`limi bosh boshqarmasi Axborot xizmati xabar beradi.
Umumta`lim maktablarida farzandlarimiz ta`lim-tarbiya olishlari uchun etarli sharoitlar yaratilgan, shinam va yorug` xonalar, zamonaviy jixozlangan fan kabinetlari, turli o`quv ko`rgazmali qurollar, darslik va o`quv metodik adabiyotlar bilan to`liq ta`minlangan.
Xususan, investisiya dasturi asosida birgina 2013 yilda 19 ta maktabda (7 ta rekonstruksiya va 12 ta maktabda kapital) ta`mirlash ishlari amalga oshirilib, ushbu maqsadlar uchun 16.mlrd so`mdan ortiq mablag` sarflandi. Shuningdek, Bolalar sportini rivojlantirish jamg`armasi tomonidan ham jami 10 ta inshootlarda jumladan, 2 ta bolalar sport majmualari yangi qurilish, 5 ta musiqa va sa`nat maktablari va 2 ta sport maktablarida hamda 1 ta suzish havzasi rekonstruksiya ishlari amalga oshirilib, ushbu maqsadlarga jami 15,3 mlrd. so`m mablag` sarflandi. Mazkur muassasalarda zamonaviy mebellar, o`quv laboratoriya jihozlari, kompyuter texnikasi bilan ta`minlangan.
Poytaxtimizdagi umumta`lim maktablarida 15437 nafar pedagog xodimlar faoliyat yuritadi, ularning 14366 nafari oliy ma`lumotli kadrlardan iborat. 2006 yildan buyon o`tkazilayotgan pedagog kadrlar attestasiyasi asosida o`qituvchilarimizning toifalari oshirilib, pedagoglarning sifat tarkibi yildan yilga yaxshilanib bormoqda. Aytish joizki, joriy yilning oktyabr-noyabr oylarida barcha umumta`lim maktablarida pedagogik jamoa ishtirokida taqdimotlar o`tkazildi.
Bugungi kunda Xalq ta`limi Bosh boshqarmasi tasarrufida jami 842 ta muassasa faoliyat yuritmoqda. Shulardan 287 ta maktab, 445 ta maktabgacha ta`lim muassasalari, 5 ta mehribonlik uyi, 17 ta maxsus maktab-internatlar, 30 ta musiqa va san`at maktablari, 12 ta barkamol avlod markazlari, 45 ta sport maktablaridir.





