29.11.2013 10:50
“Kredit-Standart” omonatchilari pullarini Xalq bankidan oladilar
Bank matubot markazining xabar berishicha, O`zbekiston Markaziy Banki boshqaruvning 25 noyabrdagi bayonnoma qaroriga asosan o`z faoliyatini tugatgan «Kredit-Standart» banki o`z mijozlarining barcha mablag`larini qaytarib berish uchun etarli darajada moliyaviy qobiliyatga ega ekanligini ma`lum qildi.
Bank o`z rasmiy saytida jismoniy va yuridik shaxslarga qilgan murojaatida mijozlardan yuzaga kelgan noqulayliklar uchun uzr so`radi.
Murojaatda qayd etilishicha, jismoniy shaxslarning barcha hisob-raqamlari umumiy summasi saldosi (talab qilgunacha depozitlar, jamg`arma va muddatli depozitlar, plastik kartochkalar uchun tranziti hisob-raqamlari, jumladan, maosh loyihalari, shuningdek, muddatli omonatlar bo`yicha foizlar) 27 noyabr holatiga ko`ra Xalq banki Markaziy amaliyot boshqarmasiga o`tkazilgan.
2 dekabrdan Xalq bankining Toshkent, Samarqand va Farg`onadagi filiallarida mijozlar uchun yangi hisob-raqamlar ochiladi. Barcha savollar bo`yicha Xalq bankining Toshkentdagi Markaziy amaliyot boshqarmasi yoki Samarqand va Farg`onadagi viloyat filiallariga murojaat qilish mumkin bo`ladi.
Yuridik shaxslar va xususiy tadbirkorlarga qilgan murojaatida «Kredit-Standart» bank tugatish komissiyasining qaroriga ko`ra, 2 dekabrdan boshlab, kredit va lizing bo`yicha qarzdorlik bo`lmasa, bankidagi hisob-raqamlarni to`liq yopishlari mumkinligi qayl etilgan. Bank tomonidan hisob-kassa xizmati uchun komissiyalar va kredit va lizing bo`yicha undirib olinmagan foizlar to`liq miqdorda to`lanishi kerak. «Kredit-Standart» banki hisob-raqamlarida qolgan mablag` belgilangan muddatlarda boshqa mas`ul banklardagi mijozlarning hisob-raqamlariga o`tkaziladi.





