AsosiyJamiyat

Oziq-ovqat sanoatiga $30,3 mln jalb etildi

O`zbekiston Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasi tizimidagi 150 dan ortiq korxonada aholi ehtiyojlari uchun mingdan ortiq turdagi oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. 
 
Mazkur uyushmadan ma`lum qilishlaricha, 2013 yilning 9 oyida tarmoq korxonalarida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 2012 yilning shu davriga nisbatan 8,5 foiz  o`sgan. Jumladan, rafinasiyalangan yog` 12,3 foiz, sut va sut mahsulotlari 32,7, go`sht va go`sht mahsulotlari 23 foiz ortdi. Mahalliylashtirish dasturi bo`yicha amalga oshirilgan ishlar natijasida qandolat mahsulotlari 2 barobar, pishloq 2,2, sariyog` qariyb 2 barobar ko`p tayyorlandi. 
 
Korxonalarda sifatni baholashning zamonaviy tizimi joriy etilgani mahsulot turi va hajmini ko`paytirishga xizmat qilayotir, deya xabar beradi O`zA. 40 yaqin korxonada “ISO 9001” xalqaro sifatni boshqarish tizimi joriy etildi. Shuningdek, mahsulot ishlab chiqarishda davlat standartlari talablariga rioya etish nazorati yanada kuchaytirildi.
 
2013 yilning 9 oyida sohaga qariyb 30,3 million AQSh dollarilik chet el investisiyasi jalb etildi. Natijada korxonalar zamon talablari asosida jihozlanib, 7,5 ming tonna sut, 2,3 ming tonna go`sht, 19,5 ming tonna meva-sabzavotni qayta ishlash quvvatlari ishga tushirildi. 83 turdagi yangi mahsulotni ishlab chiqarish o`zlashtirilib, qariyb 11 mingta yangi ish o`rni yaratildi.
 
Uyushma tizimida 70,13 million AQSh dollari miqdoridagi 29 loyiha amalga oshirildi. Ularning beshtasi yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirishga qaratilgan. 
 
“Obod turmush yili” Davlat dasturi doirasida O`zbekiston Iqtisodiyot vazirligi, Qoraqalpog`iston Respublikasi Juqorg`i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan hamkorlikda 2013-2015 yillarda 2 ming 218 investisiya loyihasini amalga oshirish ko`zda tutilgan.  
 
Hozir 22 korxonada modernizasiyalash va texnik va texnologik yangilash ishlari bajarildi. Oziq-ovqat korxonalariga o`rnatilgan tejamkor texnologiyalar samarasida sarf-xarajatlar kamayib,
mahsulotlar tannarxi o`rtacha 11,3 foiz arzonlashdi.
 
Modernizasiyalash jarayonida ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, boshqa sanoat tarmoqlari bilan kooperativ aloqalarni rivojlantirish asosida import o`rnini bosuvchi mahsulotlar tayyorlashga alohida e`tibor qaratilmoqda.
 
Mamlakatimizda sifatli va raqobatbardosh oziq-ovqat tovarlari ishlab chiqarish turi va hajmini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan bunday  izchil ishlar bozorlarimiz to`kinligi va xalqimiz farovonligini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
 

    Boshqa yangiliklar