20.11.2013 18:51
“Aytishuv – 2013” g`olibi "Nexia" bilan taqdirlandi
Tadbir O`zbekiston Baynalmilal madaniyat markazi, Respublika qozoq milliy madaniyat markazi tomonidan Qozog`iston Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda mamlakatimizda istiqomat qilayotgan turli millat va elat vakillari, madaniyat va san`at namoyandalari, baxshi-oqinlar, xorijiy diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi. “Aytishuv – 2013” xalqaro oqinlar tanlovining O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 21 yilligi arafasida o`tkazilishida ham o`ziga xos ramziy ma`no mujassam. Zero, Bosh qomusimizning 4-moddasida “O`zbekiston Respublikasi o`z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an`analari hurmat qilinishini ta`minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi”, deb mustahkamlab qo`yilgan.
Aytishuvda o`zbekistonlik baxshi va oqinlar bilan birga Qozog`iston hamda Xitoydan kelgan folklor san`ati vakillari ham o`z mahoratini namoyish etdi. Aytishuv jo`shqin va zavqli ijro turi bo`lib, tinglovchiga ko`tarinkilik bag`ishlashi bilan ajralib turadi. Bunda ijrochidan xonandalik, sozandalik mahorati bilan birga hozirjavoblik, topqirlik, o`tkir zehn ham talab etiladi, deya xabar beradi O`zA. “Aytishuv – 2013” xalqaro oqinlar tanlovida bosh sovrin – "Nexia" avtomobili o`zbekistonlik oqin Qulmahan Duysenovga nasib etdi. Qozog`istonlik oqin Bekaris Shoybekov birinchi o`ringa sazovor bo`ldi.





