20.11.2013 18:11
Yodgor Sa`diev: “15 yillik xizmatdan qaytgan askarga o`xshayman!”
— Yodgor aka, o`n besh yillik ijodiy tanaffusdan so`ng teatrga qaytish hayajonli bo`lsa kerag-a?
— Bu dargohga yana qaytganimdan xursandman! Teatrni juda sog`ingan edim. Bunga qadar Ichki ishlar vazirligining birlashgan tahririyati qoshidagi “Qalqon” studiyasiga badiiy rahbarlik qildim. U erda ham samarali ijod qildim. Yirik ishlarimdan biri — yozuvchi Tohir Malikning “Iblis devori” asari asosida film suratga oldik. Aytmoqchimanki, o`tgan vaqt davomida ijoddan chekinmay, harakatda bo`ldim. Ammo, doim teatr o`ziga ohanrabodek tortaverdi, sahna sog`inchi tinch qo`ymadi. Bir qarashda ba`zilar “Studiya ishidan charchagani uchun teatrga qaytgandir”, deb o`ylashi mumkin. Lekin, ular qattiq yanglishishadi! Charchagan odam qanday qilib teatrga kelib ishlashi mumkin? Teatrda katta kuch-quvvatga ega aktyorgina ishlay oladi. Shu o`rinda bir ma`lumot: Akam Xayrulla Sa`diev bilan birgalikda “Qalqon film” deb nomlangan yangi studiya ochdik.
— Ijodiy jamoa sizni qanday kutib oldi?
— Bu savol menga doim erish tuyuladi. Chunki, teatrdan ketganim yo`q. Shuning uchun qaytishim qanday bo`lganligini ham aytishimning hojati yo`q, deb o`ylayman. Jamoa qarsaklar bilan kutib olgani hali hamon qulog`im ostida jaranglayotir! Qisqasi, non tishlab, harbiy xizmatga ketgan va oradan o`n besh yil o`tib uyga qaytgan askardek his qilaman o`zimni (kuladi).
— Teatrda biror rol ijro etishga ulgurdingizmi?
— Hozircha yo`q. Spektakllarni kuzatib, muhokamalarda ishtirok etyapman. Bilim va tajribamdan kelib chiqqan holda yoshlarga maslahatlarim bilan ko`mak berib turibman. Asta-sekin teatrga ko`nikyapman. Istalgan paytda ilgarigidek teatrda rol ijro eta olishimga ko`zim etadi. Biror “yuk”i bor asarni kutib turibman! Balki imkoniyat bo`lsa, o`sha spektaklni o`zim sahnalashtirarman. Albatta, bu hozircha reja xolos.
— U spektakl nima haqda bo`ladi?
— Bugungi kunda dolzarb bo`lgan mavzularni o`z ichiga qamragan spektakl bo`ladi!
— Negadir ko`pchilik “Yodgor Sa`diev teatrdan arazlab qolgani tufayli ketgan...” degan fikrda?
— Yo`q, bu noto`g`ri taxmin! Mehnat daftarchamda ham O`zbekiston ichki ishlar vazirligi qoshidagi “Qalqon” studiyasining badiiy rahbari lavozimiga o`tganim munosabati bilan teatrdan ketganim qayd etilgan. Teatrdan gina qilib bo`lmaydi!
— Siz faoliyat yuritgan va bugungi kun teatr muhitida nimalar o`zgarganini payqadingiz?
— O`n besh yil mobaynida o`ziga yarasha katta-kichik o`zgarishlar bo`lgan. Teatr bu — jonli organizm! U shamollaydi, davolanadi va tuzaladi. Teatr jamoasiga yoshlar kelib qo`shilganligi e`tiborimni tortdi. Bundan juda ham xursand bo`ldim. Kamchiligiga kelsak, teatrga kuchli rejissura kerak! Bu bilan teatrning rejissurasi past darajada demoqchi emasman. Tan olish kerak, avvalgiga qaraganda dramaturgiya oqsagani sezilyapti. Yosh aktyorlarga maslahatim — qo`shimcha ishlar, uydagi yumushlar teatrdagi vazifasiga halal bermasin! O`z navbatida bizning ham muammolarimiz ko`p bo`lgan, lekin, ularni teatrga olib kelmaganmiz. Yosh aktyorlar intizomsiz, degan fikrdan ham yiroqman. Shunchaki, bu o`gitlarim kelajakda ularga asqotishiga ishonaman! Kechagidek yodimda, 1985 yil bir filmda suratga tushganman. Ikki yil davom etgan tasvirga olish ishlari biror marta teatrdagi faoliyatimga halal qilmagan. Holbuki o`shanda to suratga olish ishlari tugaguncha, Dushanbega 68 marotaba qatnaganman.
— O`zingiz ta`kidlaganingizdek, teatr aktyordan katta kuch talab etadi. Sog`ligingiz bilan bog`liq muammolardan so`ng yana yurakdan rol ijro etish qiyinchilik tug`dirmasmikan?
— Aslo! Bilasizmi, sahnadan bezish emas, unda kezish kerak! Bir gal “Qaroqchilar” spektakli boshlanishidan avval belimda kuchli og`riq turgan. Shunga qaramay, sahnaga chiqqanman. Rol o`ynash jarayonida og`riqni butunlay unutgan edim. Sahna kasal qilmaydi, aksincha, aktyorlarni hayotga qaytaradi!
— Tomoshabin munosabatini ham kuzatdingizmi?
— Teatrda qayta ish boshlaganimdan buyon ko`plab ijodiy uchrashuvlarda bo`ldim. Tomoshabinlar ham meni uzoq safardan qaytgan odamini kutib olgandek qarshi olishdi (kuladi).
— Shunday qilib, teatrda siz rol ijro etgan asarlarni qachondan boshlab ko`rishga muvaffaq bo`lamiz?
— Shu o`rinda, teatr rahbariyatiga alohida rahmat aytmoqchiman! “Falon rolni o`ynaysan!” deb noqulay vaziyatda qoldirayotgani yo`q. Yoshimni ham inobatga olishyapti, shekilli. Qolaversa, rahbariyat va jamoa tomoshabin ko`nglini “yuk”i bor rol bilan jabt etmoqchi ekanimni his qilishyapti. Ko`nglimdagidek asar bo`lsa, ertagayoq ishga kirishardim!
— Aktyor va rejissyor Sanjar Shodievning “Jigarbandim” filmiga majburan suratga tushganingiz rostmi?
— Rost! Sanjar Shodiev ikki oy davomida oldimga kelaverib, meni charchatgandi. Ochig`i, Sanjar bir yopishib olsa qo`yib yubormaydi, (kulib) bu albatta hazil. Suratga olishni boshlash uchun meni to`rt oy davomida kutishga majbur bo`lgan. Qolaversa, ssenariyni o`qib, ancha o`zgarishlar berganman. Maslahatlarimni inobatga olib, ssenariyni o`zgartirganidan so`nggina ish boshlaganman.
— Yuqoridagi fikrlaringizni inobatga olsak, bu yil siz uchun samarali bo`libdida?
— Albatta! Teatr havosidan nafas olayotganim ijod qilishim uchun ilhom bag`ishlaydi. Shunga qaramay, kinodan ham chekinganim yo`q. “O`zbekkino” milliy agentligining buyurtmasiga binoan yozuvchi va ssenarist Erkin A`zamning “Xonadon egasi” nomli asari asosida film suratga oldim. Tasvirga olish ishlari Jizzax viloyatida ham bo`lib o`tdi. Hozirda filmning montaj ishlari davom etmoqda. Nasib etsa, noyabrning so`nggi kunlarida premera! Filmda O`zbek Milliy akademik drama teatrining professional aktyorlari Mahmud Ismoilov, Shohida Ismoilova, Fatxulla Mas`udov, Botir Muhammadjonov, Muyassar Berdiqulova, Lola Eltoeva va O`zbekiston xalq artisti Xayrulla Sa`diev, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Ra`no Shodieva ham ishtirok etgan. Bosh rolda ustoz san`atkor Yoqub Ahmedov! Rosti, mazkur rolga Yoqub akani ko`ndirish juda qiyin kechdi. Ammo, urinishlarim zoe ketmaganidan xursandman. “Xonadon egasi”da ilk bor nabiram Aziz ham rol ijro etdi, mahoratiga tomoshabinlar baho berishadi.
O`zbekiston xalq artisti Yodgor Sa`diev teatrga qaytganidan muxlislari qatori biz ham xursand bo`ldik! Istagimiz, avvalgidek shijoat bilan o`ziga xos “yuk”ka ega spektakllardagi rollari teatr tomoshabinlarini e`tirofiga sazovor bo`lishiga tilakdoshmiz!
ALIYa suhbatlashdi,Fotomuxbir: Xusan QOSIMOV





