AsosiyShou-biznes

Munisa Rizaeva:“Turmushga chiqmayotganimning sababi bor...”

Milliy va zamonaviy estrada yo`nalishida iqtidorini namoyon eta olgan, qadriyatlarimizni ijodi bilan uyg`unlashta olgan san`atkorni muxlislar e`tiboriga tusha oladi. Shaddod, fikrlari teran xonanda Munisa RIZAEVAni ham shu ro`yhatga bemalol qo`sha olamiz. Bugungi suhbatimiz xonandaning bevosita shaxsiy hayotiga tegishli. So`nggi yarim yillikda ko`plab ayol xonandalar o`z baxt to`ylarini nishonlashdi. Biroq Munisa RIZAEVAning shaxsiy frontida hozircha jimlik... 
—Munisa opa, yigirma ettini qoraladingiz...
— (So`zimni davom ettirib) Nima demoqchi ekaningizni tushundim! Oila qurish — eng jiddiy qadamlarimizdan biri. Aksariyat qizlar zaruriyat yuzasidan turmushga chiqishadi. Lekin men bir marotaba turmush qurib, umrimning oxirigacha o`sha inson bilan baxtli hayot kechirishni istayman! Shuning uchun haligacha turmushga chiqmadim(kuladi). Bu bilan hech kimning menga uylanish istagi yo`q, demoqchi emasman. Shunchaki, tanlov jarayoni cho`zilib ketdi. Turmush qurish taklifini bildirayotgan odamni ikkinchi yarmim, deb tasavvur qila olmas ekanman, turmushga chiqmayman. Qolaversa, hozir ijod bilan jiddiy shug`ullanyapman. Chalg`ishni istamayman.
— Ko`nglingizni zabt etgan inson bormi?
— Ba`zan kimnidir yoqtirgandek bo`laman. O`sha insonni o`rgana boshlaganimda, qandaydir salbiy qirralari ochilib qoladi. Asl qiyofasi ochilib qolgach, hafsalam pir bo`ladi. Iloji boricha kimgadir bog`lanib qolmaslikka harakat qilaman.
— Munisa Rizaevaning kunlik ish tartibi qanday?
—Tan olaman, tongim kech otadi. Aksariyat san`atkorlarning kuni kech uyg`onish bilan boshlanadi. Sababi, tunni ijod qilish bilan o`tkazamiz. Uydan chiqib, belgilangan uchrashuvlarga boraman. Soat 16:00 dan 17:30 gacha sport zalida shug`ullanaman. U erdan chiqib, go`zallik saloniga otlanaman. Tabiiyki, xalq xizmatiga yo`l olaman. To`g`risini aytish kerak, bo`sh vaqtim bo`lmaydi.
— Avvalgiga qaraganda kamnamo bo`lib qoldingiz?  

— Kun davomida qiladigan ishlarimiz, ijod jarayonidagi mashaqqatlardan biroz toliqib qolyapman shekilli. Umumiy qilib aytganda, shunchaki jurnalistning xohishi bilan mening imkoniyatim mos kelmay qolyapti. Bu “yulduzlik kasali”ga bilan bog`liq emas(kuladi). Iltimos, biz san`atkorlarni tushunishga harakat qilinglar!
— Muxlislarni-chi, xursand qilishning uddasidan chiqa olyapsizmi?
— (O`ylanib) Oxirgi paytlarda “Nima uchun Munisa Rizaeva kimlargadir  yordam uchun bepul xizmat qilmaydi?” yoki “Taklif qilsak kelmaydi?” deya muxlislar mendan xafa bo`lishayotgani qulog`imga chalindi. Xalq xizmatlariga pulga muhtojiligim uchungina  bormayman. Shunday ekan, baxtli kunlarini oldindan yordamchimga qo`ng`iroq qilib aytib qo`yishsa, bepul xizmat qilishdan aslo bosh tortmayman! Biz san`atkorlar sizlar uchun ijod qilamiz, axir! Muxlislar bo`lmasa san`atkor hech kim emas.
— Ijtimoiy tarmoqlar orqali san`atni tark etishga  qaror qilganingiz haqida yozgan edingiz. Bunga sabab nima? Demak, Munisa Rizaeva qachondir san`atdan ketishi mumkinmi?
—San`atni tark etish vaqti kelgandagina ketaman, hozir emas(kuladi)!San`at men uchun shunchaki xobbi. Kelajakda prodyuserlik markazi ochish yoki yosh xonandalarga homiylik qilish niyatim ham yo`q emas. Ertaga nima bo`lishini hozirdan hech kim ayta olmaydi...
BILASIZMI?
·         Tug`ilgan sanasi: 1986 yil 21 oktbyar
·         Ilk albomi: “Ayrilma yor” — 12ta qo`shiqdan iborat
·         Rejasi: Bahor oylarida jonli ijroda yakkaxon konsertini taqdim etish.
·         Xobbisi: Sport bilan muntazam shug`ullanish va avtomobil rusumlarini to`plash.
·         Shiori: «Maqsad sari olg`a harakat”, “Boshingga qilich kelsa ham rost gapir”
·         Ma`lumoti — oliy. Angliya davlat konservatoriyasini bitirgan.
·         So`nggi suratga tushgan filmi: «Salom Natasha». Natasha rolini talqin etgan.
·         Sevib tinglaydi: O`zbek va zamonaviy estrada yo`nalishidagi qo`shiqlarini.
·         O`z ijodidagi “Sekin asta” qo`shig`ini o`zgacha yoqtiradi.
·         Eng yaqin dugonasi — onasi Dilorom Bo`rijo`raeva. Aslida hamma bilan do`stona munosabatda.
·         Ijoddan tashqari faoliyati: Xusuiy tadbirkor. Hozirgi kunda poytaxtdagi “GRANDRETROPLAZA” mehmonxonasi rahbari.
·         O`ziga xos fazilati: Yangilikka intiluvchanligi.
·         Yoqirgan taomi: Onasi tayyorlagan barcha taomlar!
·         Kamchiligi: Ishonuvchan va sodda.
·         Rasmiy sayti: munisarizayeva.com
Mohichehra EShMIRZAEVA suhbatlashdi

    Boshqa yangiliklar