AsosiyJamiyat

BOLALAR BOG`ChAGA ENDI 3 YoShDAN QABUL QILINADI

'BOLALAR BOG`ChAGA ENDI 3 YoShDAN QABUL QILINADI'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 19 iyuldagi "Maktabgacha ta`lim muassasalari faoliyatini takomillashtirish to`g`risida"gi 528-sonli qarori chop etildi. Maktabgacha ta`lim muassasasi (MTM) faoliyatiga doir qoidalar “Norma.uz” saytida e`lon qilindi.

Hujjat bilan maktabgacha ta`limga taalluqli bo`lgan 4 ta nizom tasdiqlandi.

MTM maqsadlari quyidagilardan iborat:

  • bolalarni har tomonlama intellektual, ahloqiy, estetik va jismoniy rivojlantirish;
  • bolalarni ta`lim va tarbiya orqali maktabga sifatli tayyorlash;
  • bolalarni maktabgacha ta`limga jalb qilish.

Davlat maktabgacha ta`lim muassasasida besh kunlik ish haftasi uchun, qoida tariqasida, quyidagi ish tartibi joriy etiladi:

  • 12 soatli;
  • 10,5 soatli;
  • 9 soatli;
  • 4 soatli.

Davlat maktabgacha ta`lim muassasasiga 3 yoshdan 7 yoshgacha bo`lgan bolalar qabul qilinadi (avval bu ko`rsatkich 2-6 yoshni tashkil qilgan, alohida holatlarda 7 yoshgacha qatnashga ruxsat berilgan).

Bolalarni MTMlarga qabul qilish uchun qabul komissiyalari tuziladi. Ushbu komissiyalar 5 nafar kishidan iborat bo`ladi.

  • qabul komissiyasi raisi — xalq ta`limi muassasalari faoliyatini metodik ta`minlash va tashkil etish tuman (shahar) bo`limi mudiri;
  • qabul komissiyasi a`zolari — davlat maktabgacha ta`lim muassasasi mudiri, metodisti va fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organi vakili.
  • qabul komissiyasi kotibi — xalq ta`limi muassasalari faoliyatini metodik ta`minlash va tashkil etish tuman (shahar) bo`limining maktabgacha ta`limi bo`limi mutaxassisi.

Davlat MTMlariga yo`llanma olish uchun ota-onalar yoki ularning o`rnini bosuvchi shaxslar (keyingi o`rinlarda ota-onalar deb ataladi) tomonidan qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

  • davlat maktabgacha ta`lim muassasasiga qabul qilish bo`yicha yo`llanma berish to`g`risida ariza;
  • bolaning tug`ilganlik haqidagi guvohnomasining nusxasi;
  • bolaning otasi yoki onasining pasport nusxasi;
  • yashash joyidan ma`lumotnoma;
  • ota-onasining ish joyidan ma`lumotnoma (agar ishlasa).

Taqdim etilgan hujjatlar qabul komissiyasi tomonidan etti kun muddatda ko`rib chiqilib, quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:

  • bolani ota-onalar tomonidan yozilgan arizada ko`rsatilgan davlat maktabgacha ta`lim muassasasiga qabul qilish uchun yo`llanma berish to`g`risida;
  • ota-onalar tomonidan yozilgan arizada ko`rsatilgan davlat maktabgacha ta`lim muassasasida bo`sh o`rin bo`lmagan hollarda topshirilgan hujjatlarni navbatga qo`yish to`g`risida;
  • ota-onalar tomonidan yozilgan arizada ko`rsatilgan davlat maktabgacha ta`lim muassasasida bo`sh o`rin bo`lmagan hollarda, ota-onalarning xohishiga ko`ra tegishli hududdagi bo`sh o`rin (joy) mavjud bo`lgan boshqa davlat maktabgacha ta`lim muassasasiga yo`llanma berish to`g`risida.

Qabul komissiyasining qarori haqida uch kun muddatda ariza beruvchilarga ma`lum qilinadi.

    Boshqa yangiliklar