Hindistonning shimoliy qismida joylashgan Uttar-Pradesh shtatida joylashgan kasalxonaning reanimasiya bo`limida davolanayotgan ensefalit kasalligiga chalingan bemor bolalar, yangi tug`ilgan chaqaloqlar kislorod zahirasi tugaganligi tufayli halok bo`ldi, deb xabar berdi Lenta.ru nashri.
Bolalar besh kun davomida Gorakxpur tumanidagi Baba Ragxav Das kasalxonasida azob chekishdi. Hayot bilan ta`minlovchi, o`pkaga sun`iy havo etkazuvchi apparatga kislorod uchun pul to`lanmaganligi bois bemor bolalar halok bo`ldi.
Kasalxonada bemor bolalarning ota-onasi sarosimaga tushib, tibbiyot xodimlariga yordam berish maqsadida sun`iy nafas beruvchi apparatni qo`lda ishlatishga harakat qilishdi, ammo bolalarning hayotini saqlab qolishning iloji bo`lmadi.
Shtat ma`muriyati haqiqatan ham sun`iy nafas olish apparatiga kislorod berishni to`xtatganligini tan olganiga qaramay, bu voqea bolalarning ommaviy ravishda halok bo`lishiga sabab bo`lganligini rad etishdi. Munisipalitet vakili Anil Kumarning so`zlariga qaraganda, kislorod bilan ta`minlovchi kompaniyada haqiqatan ham to`lov bilan bog`liq muammolar yuzaga kelgan. Ammo aksariyat bolalarning ahvoli og`ir bo`lganligi uchun vafot etganliklarini bildirdi.
Shtatning sog`liqni saqlash vaziri Sidxartx Natx Singx ham bolalarning ommaviy ravishda halok bo`lishi kislorod tanqisligi tufayli yuzaga kelmagan, degan fikrni bildirdi. Uning ma`lumot berishicha, so`nggi uch yil mobaynida kasalxonada kuniga 19 nafardan 22 nafargacha bemor olamdan o`tadi.
BBC News nashrining ma`lumot berishicha, bo`lib o`tgan voqea xunrezlik, deb atalgan. Oppozisiya mazkur hodisada bosh vazir Narendra Modining Uttar-Pradesh hukumatida faoliyat yuritayotgan “Bxaratiya janata” partiyasini aybladi. Shtat vakillari hodisa yuzasidan tergov ishlari boshlanganligini ma`lum qildi. Modining boshqaruv apparati Twitter sahifasida hukumat rahbari vaziyatni kuzatib borayotgani haqida xabar berdi.
Uttar-Pradesh Hindistonning eng kambag`al shtati hisoblanadi. Mazkur shtatda yiliga yuzlab bolalar turli kasalliklardan vafot etadi.






