Prezident Shavkat Mirziyoev Olmaliq shahrining bosh rejasi asosida amalga oshirilishi rejalashtirilgan qurilish va obodonlashtirish loyihalari bilan tanishdi, deb yozadi O`zA.
Olmaliq mamlakatimizning sanoati rivojlangan yirik shaharlaridan biridir.Hududda yangi konlarning o`zlashtirilishi, aholi sonining o`sib borishi shaharni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni taqozo etmoqda. 2035 yilgacha mo`ljallangan bosh rejaga ko`ra Olmaliqning ma`muriy hududi 2 ming 600 gektardan 3,5 ming gektarga etkaziladi. Sanoat hududi shahar markazidan olib chiqilib, zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish, aholiga qulay uy-joylar barpo etish ko`zda tutilgan.
Imtiyozli ipoteka krediti asosida beriladigan etti qavatli o`nta uy Ibn Sino ko`chasida bunyod etilmoqda. Har biri 42 xonadonga mo`ljallangan ushbu uylarning dastlabki ikkitasi qurib bitkazilish arafasida. Mazkur uylarda aholiga yashash uchun barcha qulayliklar yaratilgan.
Loyihaga ko`ra, bu erda gipermarket, maktabgacha ta`lim muassasasi, madaniyat va istirohat bog`i ham quriladi. Bu aholi farovonligini yuksaltirish, xizmat ko`rsatish sifatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Prezidentimiz aholining uy-joyga ehtiyojini hisobga olib, to`qqiz qavatli uylar barpo etishni taklif etdi.
Yangi uylar Vatanimiz mustaqilligining 27 yilligi arafasida shahar ahliga munosib tuhfa bo`ladi, dedi Prezidentimiz. Uylar qurilishi yildan-yilga kengayib boradi. Kelgusida bu erda barcha qulayliklarga ega zamonaviy mikrorayon qad rostlaydi, xalqimiz ham bizdan rozi bo`ladi.
Olmaliq shahridagi “Oydin” dehqon bozori va buyum bozorining bugungi kundagi holati, xizmat ko`rsatish darajasi talabga javob bermay qolgan. Shu bois ushbu bozorlarni kapital rekonstruksiya qilish, qo`shimcha bino va savdo nuqtalari barpo etish bo`yicha loyiha ishlab chiqildi. Mazkur loyihada dehqon bozoridagi turg`un savdo nuqtalarini tartibga keltirib, zamonaviy avtoturargoh, buyum bozori uchun 450 o`rinli pavilonlar barpo etish rejalashtirilgan.
Prezidentimiz ushbu bozorlarda sotuvchi va xaridorlarga yaratiladigan shart-sharoitlar bilan qiziqdi. Inshootlarni zamonaviy qurilish materiallaridan foydalangan holda qisqa muddatda sifatli barpo etish, qo`shimcha qulayliklar yaratish yuzasidan tegishli tavsiyalar berdi.
Mamlakatimizda sog`liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilish, aholiga ko`rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish, joylarda zamonaviy shifoxonalar barpo etish yuzasidan izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Olmaliq shahar bolalar shifoxonasi rekonstruksiyasi shu ishlarning uzviy davomi bo`lib, bolalar salomatligini muhofaza qilish, ularga o`z vaqtida va namunali tibbiy xizmat ko`rsatishda keng imkoniyat yaratadi.
Ushbu muassasa binosida ko`p tarmoqli markaziy poliklinika, tez tibbiy yordam, yuqumli kasalliklar, qon quyish bo`limlari, boshqa bo`linmalar joylashadi. Davolash-profilaktika muassasalari markazlashishi natijasida bo`shagan binolarda yangi oilaviy poliklinikalar tashkil etilishi ko`zda tutilmoqda. Bu, o`z navbatida, aholiga birlamchi tibbiy yordamni yaqinlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shifoxona binosini shu yil oxirigacha ishga tushirish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari shifoxonani zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan ta`minlash, buning uchun zarur mablag`lar ajratish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Prezidentimizga zamonaviy tipdagi shahar FHDYo bo`limining yangi binosi qurilishi loyihasi namoyish etildi. Bobur nomidagi mahalla hududida barpo etiladigan ushbu binoda FHDYo bo`limi, notarial idora va “Yagona darcha” markazi faoliyat ko`rsatadi. Bu tipdagi FHDYo binosi ilk bor loyihalashtirilgan bo`lib, adliya idoralarining bir joyda joylashuvi aholiga sifatli yuridik xizmatlar ko`rsatish imkonini beradi.
Hayotda inson turli masalalar bilan har xil idoralarga murojaat qilishiga to`g`ri keladi, dedi Shavkat Mirziyoev. Nikohdan o`tayotgan yoshlar, huquqiy masalalar bo`yicha kelgan aholi va tadbirkorlarga bir joyda yordam berish xizmat ko`rsatish sifatini zamonaviy talablar darajasida tashkil qilish imkonini yaratadi. Yangi loyihaga ko`ra bunday xizmatlarni ko`rsatadigan idoralar bir maskanda joylashadi. Nikohni qayd etish bilan birga to`y marosimlarini ham shu maskanlarda o`tkazish bo`yicha tavsiyalar ishlab chiqish vaqti keldi. Shunday qilsak, FHDYo bo`limi ham ishlaydi, ham tartib-intizom bo`ladi, to`ylarimizni madaniyatli, ma`rifatli qilib o`tkazishga erishamiz. Buning uchun ushbu loyihani yanada takomillashtirish, qurilish ishlarida har bir hududning iqlimi, o`ziga xos sharoitini hisobga olish zarur.
Shu erda Olmaliq shahrida oqova suv inshootlarini rekonstruksiya qilish loyihasi taqdimoti ham o`tkazildi.






