Samarqandda “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivaliga tayyorgarlik qizg`in davom etmoqda, deb yozadi O`zA.
Respublika “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi raisi I.Latipov, festival matbuot xizmati rahbari S.Ostonov, Samarqand viloyati hokimi o`rinbosari A.Umarov va boshqalar Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 1997 yilda tashkil etilgan mazkur xalqaro tadbir bugungi kunda jahon miqyosida nufuzli san`at anjumaniga aylandi.
Xalqlar o`rtasida do`stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, mamlakatimizning jahon hamjamiyatidagi nufuzini oshirish, boy tariximiz, betakror madaniyatimizni targ`ib etishni maqsad qilgan festival ishtirokchilari safi yildan-yilga kengayib, er yuzining barcha qit`alarini qamrab oldi. Ko`plab davlatlar tadbirning doimiy ishtirokchilariga aylandi.
– Hozirgacha dunyoning yuzdan ortiq davlati vakillari hamda YuNESKO, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Xalqaro folklor san`ati tashkiloti, Osiyo taraqqiyot banki singari yirik tuzilmalar festivalda ishtirok etdi, – deydi “Sharq taronalari” o`n birinchi xalqaro musiqa festivali ijrochi direktori T.Xoliqov. – Bu yilgi festivalda ham sayyoramizning turli mintaqalaridan 120 ga yaqin jamoa qatnashishi kutilmoqda. Qozog`iston, Isroil, Eron, Rossiya, Belgiya, Italiya, Kanada, Braziliya, Gruziyadan bir nechtadan musiqa jamoalari ishtirok etish istagini bildirib, direksiyamizga murojaat qildi. Bugungi kungacha ular orasidan 38 jamoa saralab olindi. O`n birinchi festivalda ilk bor Yamayka, Malavi, Myanma va Urugvay davlatlaridan vakillar ishtiroki kutilmoqda. Yurtimizdan ham 20 ga yaqin musiqiy jamoadan tanlovda qatnashish istagi bildirilgan bo`lib, ayni paytda saralash jarayoni davom etmoqda. Umuman, bu yil 56 davlatdan 250 nafar xorijlik san`atkorning Samarqandga kelishi rejalashtirilgan.
“Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali direksiyasi bir qator xorijiy davlatlardagi xalqaro san`at festivallari bilan hamkorlik o`rnatgan. Jumladan, Janubiy Koreyaning "Andong" xalqaro festivali, Xitoyning "Shanxay xalqaro san`at" festivali vakillari “Sharq taronalari”ga mehmon sifatida taklif etilgan. YuNESKO, Mustaqil davlatlar hamdo`stligi, Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti mas`ul xodimlari, bir qator davlatlarning rasmiy vakillari faxriy mehmon sifatida kelishi kutilmoqda.
Bu yil festival doirasida “Sharq xalqlari musiqa madaniyati milliy an`analarining shakllanishi va rivojlanishi” mavzusida ilmiy-nazariy konferensiya o`tkaziladi. Unda 20 dan ortiq xorijlik taniqli musiqashunos olim, mutaxassis o`z ma`ruzalari bilan ishtirok etadi.






