9 avgust kuni jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent viloyat sudida Ahmadjon Tursunboev (Ahmadboy) hamda uning olti nafar sherigi gumondor sifatida ko`rilayotgan ish bo`yicha sud eshituvi bo`lib o`tdi. Bu haqda UZ24xabar bermoqda.
Sud majlisida Tursunboev tashkil etgan “Chinoz halol chorva” va “Chinoz avto hamkor” firmalari faoliyatidan zarar ko`rgan 11 nafar jabrlanuvchining ko`rsatmalari tinglandi.
Ahmadjon Tursunboev Jinoyat kodeksining to`rt moddasi bo`yicha ayblanmoqda: 177-moddaning (valyuta qimmatliklarining noqonuniy xarid qilinishi yoki sotilishi) “a”, “b” bandlari, 188-modda (Davlat ro`yxatidan o`tmay tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanib, o`ta yirik miqdorda nazoratsiz daromad olish), 189-modda (Savdo va xizmat ko`rsatish qoidalarini buzish), 190-moddaning (Lisenziyasiz faoliyat bilan shug`ullanish) “a”, “v” bandlari.
Ahmadjon Tursunboev va uning sheriklari 2016 yilning iyul oyida Chinoz tumanida qo`lga olingan edi. U odamlardan yiliga kamida 100 foizlik dividend to`lash, ya`ni ikki barobar qilib qaytarishni va`da qilib, juda katta omonat mablag`larni milliy va xorijiy valyutada qabul qilish bilan noqonuniy ravishda shug`ullanib kelgan. Shuningdek, u foizlik ustama to`lash sharti bilan aholiga xorijiy valyutada qarz berib kelgan.
O`tkazilgan tezkor tadbir davomida Tursunboev Ahmadjon va uning yaqin qarindoshlarining uy-joylari va ularga qarashli korxonalarda aytib o`tilgan tartibda o`zlashtirilgan 13 mlrd 139 mln so`m va 7 mln 900 ming AQSh dollari miqdoridagi mablag` mavjudligi aniqlandi va bu pullar qonunda belgilangan tartibda rasmiylashtirilib, daliliy ashyo sifatida olindi. Garajida Cadillac Escalade, BMW, Lexus kabi qimmatbaho avtomashinalarini saqlagani aniqlandi.
Sud jarayonidan to`liq reportajni tez orada UZ24da o`qishingiz mumkin






