Biz tabiatan doim nimanidir kashf qilish, biror yangilik yaratishga qiziquvchanmiz. Aynan shu xislatimiz sabab ham turmushimizda rang-baranglik bisyor. Buni qarangki, tinib-tinchimas dunyo olimlari ayollar psixologiyasini o`rganib, haqiqatan tafakkurimiz juda ko`p ishlarni amalga oshirishga qodir ekanligini isbotlovchi xulosaga kelishdi. Quyida e`tiboringizga dunyo olimlarini hayratga solgan eng qiziqarli, aql bovar qilmas va ajabtovur ma`lumotlarni havola etamiz…
Ajabtovurmiz
- Maftunkor ayol ekanimizga hech qachon shubhalanmaymiz. Axir, og`irlik tarozisi “aldamchi”, atrofingizdagilar “hasadchi”, ko`zguning aksi esa qiyshiqligini bilamiz.
- Haqiqiy uddaburon ayolning uchta asosiy yosh ko`rsatkichi bo`ladi: yoshlik, ikkinchi yoshlik va bir umrlik yoshlik! Go`zalligingiz sirini endi tushungandirsiz?
- Ayollar hech qachon qarimaydi! Faqat yillar o`tishi bilan erkaklarning ko`rish qobiliyati pasayadi, xolos. Shuning uchun ham elikka kirgan ayolning ham o`zgacha tarovati bo`ladi.
- Sukut saqlayotganimizda, ayniqsa, diqqat bilan bizni tinglash kerak. Har doim ham bunday manzarining guvohi bo`lavermaysiz-da!
- Xalqona matallardan biri: ayol o`zi o`ylab topadi, o`zi arazlaydi. Tan olamiz, shundaymiz! Allaqanday sirliligimiz ham shundan...
- Bizning ko`ngilga yaqin, jonajon, sirdoshimiz – bir xil parhezga amal qilayotgan dugonamizdir!
Xayolparastmiz
Bo`sh qoldik deguncha bir nimalarni o`ylab topib, «olmashumul» ixtiro qilishni istab qolamiz. Mana, masalan, uch kun uyda bo`sh o`tirsak, nimalar qilishimiz mumkin:
- Suratlar solinadigan fotoalbomning ustini javonimizda saqlanayotgan biror mato qiyqimi bilan qoplaymiz. Albom ichiga to`plagan barcha reseptlarimizni joylab, kichik oshpaz kundaligini kashf qilamiz. Qarabsizki, oshxona uchun yangiligimiz tayyor!
- Yotoqhonadagi yoritgich qalpog`i uchun qora rangli qog`ozdan turli shakldagi kapalak, gullar yoki yurak suratini chizib, qaychi yordamida qirqib olamiz. So`ng qalpoqning orqa tarafiga qog`ozlarni elimlaymiz. Tunda yoritgichni yoqsak, qog`oz kesmalari xona devorida aks etib, ajib manzarani beradi.
- Bir vaqtlar urf bo`lib, sepimizga qo`yilgan va hozirda omborxonada chang bosib yotgan elimgullarni bargidan ajratib, alohida ko`rinishga keltiramiz. Vannaxonaga ekzotik kayfiyatni berish maqsadida qurilish elimi yordamida gul barglarini kafelning ulangan qismiga zichlab yopishtiramiz. Orasiga gullardan ham qo`shish mumkin. O`n besh daqiqada vannaxonamizni yangilashga erishishimiz mumkin.
Antiqa odatlarimiz bor
Ha, ahamiyat bergan bo`lsangiz har bir ayolning faqat o`zigagina hos bo`lgan antiqa odatlari bo`ladi. Shu odatlarimizni bir kunda necha marotaba takroralashimizni bilasizmi? Keling, raqamlarga murojaat qilamiz…
- Havo salqin va bulutli kunda o`ttiz martacha esnashim mumkin ekan. Ba`zi ayollar esnayotganlarida og`izlarini kafti, mushti bilan bekitadi, ba`zilari esa ovoz chiqarishadi.
- Yuvinib chiqqan ayol borki, boshiga sochiqni o`rab, 15-20 daqiqa shu alfozda yuradi. Bu o`ziga hos “go`zallik marosimi” bo`lsa kerak. Ana shu marosimni bir oyda o`n besh martagacha bajarar ekanmiz.
- Ayollar bir qo`llari doim bo`sh turishini yoqtirishadi. Shu bois ham sumkasiz ko`chaga chiqishmaydi. Ammo ba`zi ayollar aksincha ikki qo`llari ham bemalol harakatlnishi tarafdoridirlar. Shunga ko`ra birinchi holatni ma`qullovchilar – 40 foizni, ikkinchi holatdagilar – 50 foizni va sumkani qo`lda ko`tarib yurishni yoqtiradiganlar 10 foizni tashkil qilar ekan.
- O`tirgan holatda ayollar bir kunda 20-30 marotaba oyoqlarini chalishtirishlari mumkin. 15-18 marta esa kursi g`ildiragiga oyoq uchini tikka qilib turishar ekan.
Hayratga solamiz!
Dunyo xalqlarining g`aroyib urf-odatlari haqida eshitgansiz. Ayollarga bog`liqlari ham talaygina ekan. Qay biri rostu qay biri uydirma ekanligini bilmasak-da, shunchaki qiziqarli ekanligi bilan diqqatimizni tortdi. Masalan:
- Kolorado shtatida uyqudagi ayoldan o`pich olib bo`lmaydi;
- Gonkong shaharlaridan birida ayol xiyonatkor erini faqat qo`li bilan urib do`pposlashi mumkin;
- XII asrdagi xarbiy yurishlar vaqtida nemis qo`mondonlaridan biri zabt etilgan mamlakatdan faqat ayollar chiqib ketishlari mumkin, deya ijozat beradi. Qo`mondon o`zingiz uchun eng zarur va kerakli narsalarnigina olib ketishinshiz mumkin deganida, ular erlarini elkalariga mindirib shahardan chiqib ketishadi.
- Angliya qishloqlaridan birida shunday qoida bor ekan: kechki 21:00 dan keyin erkak ayoliga qo`l ko`tarishi yoki uni haqoratlashi mumkin emas. Bordiyu biror xonadonda ayolning baqir-chaqirig`i eshitilsa, bu boshqalarning oromini buzgan sanalib, unga chora ko`rilishi mumkin.
- Portugaliyada yomg`irli ob-havo vaqtida ayollar ishga bormasalar ham bo`ladi. Shu jumladan, erkaklarga ham bunday kunlar uzrli hisoblanadi.






