Xitoyning Xubey provinsiyasida yashovchi ayol 25 million yuan (3,7 million dollar) kreditni to`lamaslik uchun yuzini plastik operasiya qildirdi, deb xabar berdi Tengrinews.kz nashri.
Sud qaroridan keyin Xubey provinsiyasining Uxan shahrida yashovchi 59 yoshli Chju Naszyuan yuzini plastik operasiya qildirib, noma`lum tomonga qochib ketgan.
Nashrning xabar berishicha, ayol iyul oyida boshqa birovning shaxsini tasdiqlovchi hujjati bilan mamlakatning janubiy qismida joylashgan Shenchjen shahriga boruvchi poezdga chipta olayotganda qo`lga olingan. Uni qo`lga olish uchun voqea joyiga etib kelgan polisiyachilar ayolning hozirgi holati ilgari tushgan fotosuratlaridagi qiyofasiga umuman o`xshamasligidan hayratga tushgan. Ularning so`zlariga qaraganda, 59 yoshli ayol 30 yoshli juvonga aylangan.
So`nggi paytlarda Uxan shahar hokimiyati kreditni to`lashdan bo`yin tovlayotgan odamlarga qarshi jiddiy kurash olib bormoqda. Joriy yilning olti oyi mobaynida qarzini to`lashni xohlamagan 186 kishi qo`lga olingan.






