“Daromad muhimmi yoki xodimmi:” – degan savolga aksar boshliqlar ich-ichidan birinchisini ma`qul ko`radilar. Lekin ular eng asosiy sirdan bexabarlar: kompaniyaning muvaffaqiyati xodimlarning baxtu saodati bilan chambarchas bog`liqdir...
Yaxshilik erda qolmaydi
Gravity Payments kompaniyasining asoschisi Den Prays o`z xodimlarini yaxshi ishlaganlari uchun mullajiringli bonus bilan siylashga qaror qildi. Yosh millioner barcha xodimlarning maoshini yiliga 70 ming dollarga ko`tarish uchun shaxsiy daromadini bo`lishdi.
Ezgulik bumerangi ko`p kuttirmadi. Minnatdor ishchilar yarim yil davomida sevimli boshliqlariga sovg`a uchun pul to`plashdi va ayni qizg`in ish kunida syurpriz qilishdi. Den o`z millionlaridan voz kechib, hamma qatori oylik olishga qaror qilganida, anchadan beri orzu qilib yurgan elektromobilini sotib ololmasdi, ammo bir qo`llab socharkansan, ikki qo`llab o`rarkansan.

Saxiy boshliq – uzoqni ko`ra biladigan ota
Kompaniya Hare Krishna Exports — bu Hindistondagi yuzlab xodimlarga ega ulkan korporasiyadir. 2016 yilning aprel oyida korporasiya boshlig`i Savji Dxolakiya eng mehnatkash xodimlariga 1260 ta avtomobil va 400 ta kvartira sovg`a qildi.
Eng qizig`i, korporasiya boshlig`i yigirma bir yoshli o`g`lini mamlakatning janubidagi shaharchaga tajriba orttirish uchun har ehtimolga qarshi qo`liga bor-yo`g`i etti ming rupiy (108 dollar) berib jo`natdi.

Qilingan mehnat – beminnat ovqat
Feysbuk yaratuvchilari asos solgan Asana firmasida mazali va foydali taom nafaqat xodimlarning ish unumiga ta`sir qiladi, balki ularni ozgina bo`lsa-da, baxtiyor etadi, deb hisoblanadi.
Buni amalga oshirish uchun kompaniya oliy toifali oshpazlarni yollashdi. Oshpazlar har kuni bir-biridan totli taomlar tayyorlashadi, idorada-ku sira shokoladning keti uzilmaydi. Axir, butamasang – meva oz, tarasang – ersan qishu yoz.

Halol mehnat – yaxshi odat, berur senga saodat
Veronika Solis bir necha yillar mobaynida tirishqoq mehnati va o`z ishiga mas`uliyatli yondoshuvi bilan boshlig`i Aleks Riosga uning restorani uchun eng yaxshi oshpaz ekanini isbotlab keldi.
Bir vaqtlar saraton kasalligini enggan oshpaz ayol boshlig`ini hech qachon chekinmaslik va faqat olg`a intilish uchun ruhlantirdi. Lekin bir kuni Veronika boshlig`iga qo`ng`iroq qilib, ko`zyosh qilgancha o`rniga boshqa ishchi olishini so`radi, negaki transport muammosi tufayli ishga vaqtida etib borolmayotgani uchun boshlig`iga pand berayotganini tushunibdi.
Ayolni ishdan bo`shatib yuborish o`rniga Aleks Rios muammoni Veronikaga yangi avtomobil sotib olib berib hal qilib qo`ya qoldi. “Odamlarga har kuni ham bunday sovg`a berolmaymiz, biroq imkon borida nega shunday yo`l tutmasligimiz kerak ekan?”, – deydi Aleks Rios.
Adme.ru nashri.






