AsosiyJamiyat

ABITURIENTLARNI KIChIK MOBIL TELEFONLAR BILAN TA`MINLAMOQChI BO`LGAN ShAXSLAR QO`LGA OLINDI

'ABITURIENTLARNI KIChIK MOBIL TELEFONLAR BILAN TA`MINLAMOQChI BO`LGAN ShAXSLAR QO`LGA OLINDI'ning rasmi

Respublikamiz bojxonachilari tomonidan O`zbekistonga mobil qurilmalarni noqonuniy ravishda olib kirishga harakat qilgan bir nechta qonunbuzarlarning oldi olindi.


«Toshkent-Aero» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari poytaxt aeroportida Seuldan uchib kelgan fuqaro I. Hakimovning qing`irliklarini fosh qildi. Unga tegishli yuk jamadoni belgilangan tartibda bojxona ko`rigidan o`tkazilganda, yuklar orasidagi maishiy texnika buyumlarining tasviri nazorat-rentgan apparati ekranida shubhali aks etgan. Shundan so`ng, ushbu qurilmalar xolislar ishtirokida ochib ko`rilganda, ularning orasiga qiymati 3,7 million so`mlik 45 dona uyali telefonlar hamda ular uchun mo`ljallangan 32 dona batareyalar mohirlik bilan yashirilgani fosh bo`ldi.

Farg`ona tumanining qo`shni davlat bilan chegaradosh hududida harakatlanayotgan notanish shaxs huquqni muhofaza qiluvchi idora vakillarini ko`rib qolgach, yonidagi yuklarini tashlab juftakni rostlab qolgan. Qoldirilgan yuklar o`rnatilgan tartibda va xolislar ishtirokida ko`zdan kechirilganda, ushbu shaxs qiymati 66 million so`mdan ortiq bo`lgan, xorijda ishlab chiqarilgan 70 dona mobil telefonlar hamda 40 dona televizion-tyunerlarini yashirincha olib kirishga uringani ma`lum bo`ldi.

Toshkent viloyati bojxonachilari tomonidan ham shu turdagi bir nechta qonunbuzarlik holatlari fosh qilindi.

Xususan, «G`ishtko`prik» chegara-bojxona kompleksida piyoda ravishda O`zbekistonga kirib kelgan fuqarolar S. Sultonaliev, X. Mahmudov va E. Mahmudovlar bojxonachilarni chalg`itishga urinib, kiyimlari ostidan bellariga bog`lagancha, 165 ta muqaddam foydalanilgan qo`l telefonlarini olib kirishga urinishgan paytda to`xtatib qolindi.

Xitoydan poytaxtda istiqomat qiluvchi F. Kenjaeva nomiga keltirilgan yana bir pochta jo`natmasida esa deklarasiyada qayd etilmagan 5 dona VM50 rusumli kichik hajmdagi mobil telefonlar yuborilganligi ma`lum bo`ldi.

Bunday ixcham va mo``jaz telefonlar yilning ayni shu paytida — 1 avgust test imtihonlari oldidan O`zbekistonga noqonuniy ravishda kirib kelishi avj oladi.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv jarayonlari davom ettirilmoqda.

    Boshqa yangiliklar