3 avgust kuni Qirg`izistonning Issiqko`l viloyati Qizil-O`ruk qishlog`ida taxminan soat 1130 da "Baliqchi-Cho`lponota-Qorako`l" avtomobil yo`lining 17-kilometrida mikroavtobus va engil avtomobil ishtirokida yo`l-transport hodisasi ro`y berdi.
Baxtsiz hodisa oqibatida jarohatlanganlarning 6 nafari hamyurtlarimiz bo`lib, ulardan 3 nafari bolalardir.
Prezident Shavkat Mirziyoevning ularga zudlik bilan tibbiy yordam ko`rsatish va yurtimizga olib kelish bo`yicha bergan topshirig`iga ko`ra, tezkor guruh tuzilib, maxsus samolyot ajratildi. Yo`l-transport hodisasi natijasida jarohatlangan hamyurtlarimiz ushbu bortdda O`zbekistonga olib kelindi. Aviabort bilan O`zbekiston sog`liqni saqlash vazirining o`rinbosari, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Bosh direktori Abduhakim Xajibaev boshchiligidagi shifokorlar guruhi ham etib bordi.
— Biz maxsus aviabort bilan etib borganimizda qirg`izistonlik shifokorlar tomonidan jarohatlangan hamyurtlarimizga tezkor birinchi tibbiy yordam ko`rsatilgan edi, — deydi Abduhakim Xajibaev. — Shifokorlar guruhi Favqulotda vaziyatlar vazirligi xodimlari bilan jarohatlanganlarni aviabortga chiqargach, bortning o`zida ular salomatligi qayta tekshiruvdan o`tkazildi. Kerakli muolajalar zudlik bilan bajarildi. O`zbekistonda bizni maxsus jihozlangan “Tez tibbiy yordam” avtomashinalari kutib oldi va bemorlar zudlik bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga etkazildi.
Jarohatlanganlar orasida 11 yoshli Igor Orlovning jarohati ancha og`ir edi. Agar unga o`z vaqtida malakali tibbiy yordam ko`rsatilmasa, hatto qo`lidan ayrilib qolishi ham mumkin edi. Shifokorlarning tezkor urinishlari natijasida Igor Orlovda murakkab jarrohlik operasiyasi muvaffaqiyatli o`tkazildi. Hozir bemor o`zini yaxshi his qilmoqda.
— YTHdan so`ng jabrlanganlarning ko`pchiligi o`zini yo`qotib qo`ydi. Chunki ko`pchilik qattiq qo`rqqan edi, — deydi hozirda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida davolanilayotgan Elena Orlova. — O`zbekistondan kelganlarning hammasi “Endi nima qilamiz?” degan savol bilan bir-biriga qarardi. Kimga xabar berish, kimdan yordam so`rashni ham bilmay qolar ekansan o`zga yurtda. Bizni Baliqchi shahridagi kasalxonaga olib kelishdi, tibbiy yordam ko`rsatishdi. Shunda eshitdikki, Prezidentimiz bizni Vatanimizga olib ketish uchun samolyot yuborgan ekanlar. Buni eshitib, hammamiz, hatto bolalar ham yig`lab yuborishdi. Axir, o`zga yurtda og`ir ahvolda turganingda sendan xavotir olib, Prezidentning o`zi samolyot yuborsa bundan quvonmay bo`ladimi...? Barcha g`amxo`rliklari uchun Shavkat Miromonovich Mirziyoevga rahmat. Biz qaerda bo`lmaylik, Vatan himoyasida ekanligimizni his qildik.
Hozirda yurtimizga keltirilgan fuqarolarimizga Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida malakali tibbiy-jarrohlik muolajalari ko`rsatilmoqda. Ularning barchasining umumiy ahvoli yaxshilanib bormoqda.
2004 yilda tug`ilgan Li Yana Andreevnada takroran o`tkazilgan tibbiy tahlillar natijasi ijobiyligi bois, unga uyga javob berildi va u istiqomat qiluvchi hududdagi oilaviy poliklinika shifokorlariga bu haqda xabar berildi. Bemor patronaj xizmati nazoratiga olingan.






