AsosiyJamiyat

​ShAVKAT MIRZIYoEV «SHIFO NUR» KO`PTARMOQLI TIBBIYoT MARKAZIDA BO`LDI

'​ShAVKAT MIRZIYoEV «SHIFO NUR» KO`PTARMOQLI TIBBIYoT MARKAZIDA BO`LDI'ning rasmi

Davlatimiz rahbari Yunusobod tumanidagi «Shifo Nur» ko`ptarmoqli tibbiyot markazida bo`lib, shifokor va bemorlar uchun yaratilgan sharoitlarni ko`zdan kechirdi.

Kattalar va bolalarni konservativ va jarrohlik yo`li bilan davolash ishlarini yo`lga qo`yish, ushbu yo`nalishda xorijning nufuzli klinikalari bilan hamkorlikni mustahkamlash, malakali mutaxassislarni jalb etish loyihasi bilan tanishdi, deb yozadi O`zA.

Mamlakatimizda onalik va bolalikni muhofaza qilish, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish, tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo`yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Tibbiyot sohasida xususiy sektorga keng o`rin berilayotir. Bu borada Prezidentimizning 2017 yil 1 apreldagi «Sog`liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qarori muhim dasturilamal bo`lmoqda.

«Shifo Nur» ko`ptarmoqli tibbiyot markazi 2013 yilda tashkil etilgan. 36 o`rinli markazda 60 dan ortiq malakali shifokor oftalmologiya, plastik jarrohlik amaliyotlari, pediatriya, kardiologiya, nevrologiya, ginekologiya, otolaringologiya, stomatologiya, fizioterapiya va optika yo`nalishlari bo`yicha aholiga sifatli tibbiy xizmat ko`rsatmoqda.

Tibbiyot muassasalarini zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan ta`minlash, tibbiy xizmat sifatini yanada oshirish kerak, dedi Prezidentimiz. Amaliyotga eng zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bilan birga, ulardan samarali foydalanishni ham ta`minlash, shifokorlar bilimi va malakasini muttasil oshirib borish zarur.

Boshqa yangiliklar