AsosiySport

Milliy terma jamoada xorijlik yangi murabbiy – Chima Mishel Oneke ish boshladi

'Milliy terma jamoada xorijlik yangi murabbiy – Chima Mishel Oneke ish boshladi'ning rasmi

Nigeriya terma jamoasining sobiq futbolchisi va hozirgi kunda murabbiylik faoliyati bilan shug`ullanayotgan Chima Mishel Oneke Samvel Babayanning taklifiga ko`ra O`zbekiston milliy terma jamoasining murabbiylar shtabida ish boshladi.

Milliy terma jamoada jarohatlar epidemiyasi tarqalganligi sababli, qolaversa, keyingi ikki o`yinga yuqori jismoniy tayyorgarlik ko`rish maqsadida Samvel Babayan Rossiyaning “Anji” klubida Guus Hiddinkning shtabida ishlagan Onekeni o`z yordamchilari safiga qo`shib oldi. U milliy terma jamoaning jismoniy tayyorgarliklar bo`yicha mas`ul murabbiyi bo`lib tayinlandi. Uning asosiy vazifasi milliy terma jamoa futbolchilarining jismoniy formasini qisqa vaqt ichida yuqori cho`qqiga olib chiqib, bosh murabbiyga optimal tarkib bilan o`ynash imkoniyatini yaratib berishdan iborat bo`ladi.

42 yoshli Oneke asli nigeriyalik bo`lib, Gollandiya pasportiga ega va murabbiylik faoliyatining asosiy qismi Gollandiya bilan bog`liq. Futbolchi sifatida Nigeriya terma jamoasi sharafini himoya qilgan. Gollandiyada 8 dan ortiq jamoada o`ynab, faoliyati davomida 65 ga yaqin gol urgan. O`zbekiston terma jamoasida ish boshlaguniga qadar u Germaniyaning “Shtutgart” klubida jismoniy tayyorgarlik bo`yicha murabbiy sifatida ishlab kelayotgan edi.

Futbolchi sifatidagi faoliyatining oxirgi yillarini Gollandiya chempionatida o`tkazgan Oneke tibbiyot bo`yicha oliy ma`lumotni Gollandiyada oldi. Fitness bo`yicha oliy darajadagi diplomni qo`lga kiritgan mutaxassis Gollandiya terma jamoasining sobiq futbolchisi Roy Makaay, Rossiya terma jamoasining sobiq hujumchisi Aleksandr Kerjakov kabi futbolchilarning shaxsiy fitness murabbiyi sifatida ish boshladi.

2011 yilning iyulida u gollandiyalik Guus Hiddink va braziliyalik Roberto Karlos bilan birga Maxachqal`aning “Anji” futbol klubida ishladi. O`sha paytlarda “Anji” Rossiyaning eng kuchli uchligiga kirib, mamlakat Kubogining finaligacha etib borgandi.

“Anji” loyihasi tugatilgach, Oneke ham Rossiyani tark etadi. U 2013 yilda Gresiyaning PAOK jamoasida fitness murabbiyi sifatida ish olib bordi. 2014 yilda PAOK jamoa bosh murabbiyi mashhur Xub Stevensni iste`foga chiqarishi natijasida Oneke bosh murabbiy vazifasini bajaruvchilardan biri bo`lib mavsumning oxirigacha PAOKda ishlaydi. Mavsum yakunida PAOK Gresiya chempionatida 2-o`rinni egallab, Gresiya Kubogi finaliga chiqdi.

Onekeni juda qadrlaydigan Xub Stevens 2014 yilda Germaniyaning “Shtutgart” jamoasiga taklif qilindi va Stevens Onekeni o`zi bilan birga “Shtutgart”ga olib ketdi. Germaniyadagi faoliyati davomida Oneke va uning shtabi katta hajmdagi ishni amalga oshirdi va natijada “Shtutgart” ketma-ket 2 yil quyi ligaga tushib ketish xavfidan omon qoldi. Oneke O`zbekiston terma jamoasiga aynan “Shtutgart”dan uchirma bo`ldi.

Gollandiyaning Zeyst shahrida tug`ilgan Oneke 5 ta tilni, shu jumladan, rus tilini ham biladi. Uning Evropa darajasidagi bilimi, yuqori malakasi, boy tajribasi va rus tilini yaxshi bilishi kabi fazilatlari O`zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayanni Oneke hozirda O`zbekiston uchun eng yaxshi nomzod ekanligiga ishontira oldi. U O`zbekiston terma jamoasi ish olib borayotgan ikkinchi xorijlik mutaxassis sanaladi. Serbiyalik Deyan Jurjevich milliy terma jamoa murabbiylar shtabida ish olib borayotganiga ham 2 yildan oshyapti.

O`zbekiston terma jamoasi jahon chempionati saralash bosqichida 31 avgust kuni Uxan shahrida Xitoy, 5 sentyabr kuni esa Toshkentda Janubiy Koreya bilan o`ynaydi. Ayni paytda O`zbekiston 8 ta o`yindan keyin 12 ochko to`plab, to`g`ridan-to`g`ri qo`lga kiritilishi mumkin bo`lgan yagona yo`llanma uchun kurashda 2-o`rindagi Koreyadan 1 ochkoga ortda qolmoqda.

Boshqa yangiliklar