Toshkent davlat yuridik universiteti qabul komissiyasiga ukasining o`rniga hujjat topshirishga uringan shaxs o`z maqsadiga erisha olmadi. Bu haqda TDYuU qabul komissiyasi vakillari ma`lumot berishdi.
2017 yil 9 iyul kuni soat 9-30 da TDYuU qabul komissiyasiga o`zini 1994 yilda tug`ilgan fuqaro Jabborov Abbos (familiya o`zgartirilgan) deb tanishtirgan fuqaro hujjatlarni taqdim etdi.
Mazkur shaxs bilan o`tkazilgan dastlabki suhbat, uning pasporti va boshqa hujjatlaridagi shubhali holatlar, pasportdagi surat va hujjatni taqdim etgan shaxsning tashqi o`xshashligidagi jiddiy tafovutlar qabul komissiyasi xodimlarida asosli shubha uyg`otdi.


O`tkazilgan suhbatdan keyin soxta abiturient haqiqattan bu fuqarolik pasporti unga tegishli emasligini, boshqa shaxsni nomidan kelganligini tan oldi va o`zi haqidagi haqiqiy ma`lumotlarni ma`lum qildi.
Ma`lum bo`lishicha, ushbu shaxs 1991 yili Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida tug`ilgan Jabborov Shaxboz bo`lib, u 2015 yilda Toshkent davlat sharqshunoslik institutining bakalavr bosqichini tamomlagan.
Mazkur holat bo`yicha tegishli tartibda shaxslardan tushuntirish xatlari olindi, dalolatnoma tuzildi hamda barcha materiallar ichki ishlar organiga yuborildi. Hozirda surishtiruv ishlari ketmoqda.






