AsosiySport

O`zbekiston U-22 termasi BAAga etib keldi va ilk mashg`ulotini o`tkazdi

'O`zbekiston U-22 termasi BAAga etib keldi va ilk mashg`ulotini o`tkazdi'ning rasmi

2018 yili Xitoyda bo`lib o`tadigan U-23 Osiyo chempionati final bosqichiga yo`llanma olish uchun saralash bahslarida ishtirok etadigan O`zbekiston U-22 terma jamoasi BAAning Al-Ayn shahriga etib keldi.

Saralashning “D” guruhi uchrashuvlari BAAning Al-Ayn shahrida bo`lib o`tadi. Mazkur guruhda BAA, O`zbekiston, Livan hamda Nepal yoshlar terma jamoalari Osiyo chempionati final bosqichiga chiqish uchun kurash olib boradi.

12 iyul kuni Ravshan Haydarov boshqaruvidagi jamoa Dubaydan 100 km uzoqlikdagi Al-Ayn shahriga etib bordi va Danat mehmonxonasiga joylashdi. Shu kunning o`zida jamoa futbolchilari mahalliy vaqt bilan soat 20:00 da “Al-Ayn” futbol klubiga tegishli mashg`ulotlar bazasida turnirdagi ilk mashg`ulotini o`tkazdi. Dastlabki kun asosan chigalyozdi mashg`ulotlar olib borildi va futbolchilarning funksional holati ko`zdan kechirildi.

Eslatib o`tamiz, U-23 Osiyo chempionati final bosqichiga Xitoydan tashqari saralashning 10 ta guruhi g`oliblari hamda ushbu 10 ta guruhda eng yaxshi ko`rsatkichga ega yana 5 ta jamoa ishtirok etish huquqiga ega bo`ladi.

O`zbekiston yoshlar terma jamoasi saralash turnirini 15 iyul kuni Livan yoshlariga qarshi o`yin bilan boshlaydi. Ikkinchi turda Ravshan Haydarov jamoasi Nepalga qarshi maydonga tushsa, so`nggi turda mezbon – BAA terma jamoasiga qarshi bahs olib boradi.

Avvalroq xabar berilganidek, mazkur turnirda O`zbekiston yoshlar terma jamoasi 22 nafar futbolchi bilan ishtirok etmoqda.

Quyida saralash turniri uchrashuvlari taqvimi bilan tanishish mumkin:

U-23 OCh–2018 saralashi, “D” guruhi
15–19 iyul. Al Ayn, BAA
“Tahnun Bin Muhammad” stadioni

1-tur | 15 iyul

BAA – Nepal (soat 18:25)
O`zbekiston – Livan (21:25)

2-tur | 17 iyul

Nepal – O`zbekiston (18:25)
Livan – BAA (21:25)

3-tur | 19 iyul

BAA – O`zbekiston (18:25)
Livan – Nepal (21:25).

Eslatma: Uchrashuvlarning boshlanish vaqti Toshkent vaqti bilan ko`rsatilgan.

Boshqa yangiliklar