Malayziya poytaxti Kuala-Lumpur shahrida bugun, 11 iyul kuni AFC Additional Assistant Referees (AAR) – darvoza ortidagi qo`shimcha hakamlar uchun OFK seminari start oldi.
Mazkur seminarda jami 40 nafar osiyolik referilar qatnashdi. O`zbekistonlik hakamlardan Ravshan Ermatov, Valentin Kovalenko, Abduhamidullo Rasulov, Jahongir Saidov va Ilgiz Tantashev ishtirok etdi. O`zbekistonlik mutaxassis Farhod Abdullaev barcha seminar ishtirokchilariga instruktorlik qildi.
Ma`lumot uchun, darvoza ortidagi hakamlar jarima maydonchasida bahsli holatlar hamda to`p darvoza chizig`ini kesib o`tgan-o`tmagani bo`yicha bosh hakamga qaror qabul qilishda yordam beradigan qo`shimcha hakamlar sanaladi.
Darvoza ortidagi hakamlar tizimi OFK Hakamlar qo`mitasi tomonidan 2016 yilning sentyabr oyida ma`qullangan edi. Amalda esa mazkur tizim birinchi marta 21 avgust kuni bo`lib o`tadigan “Al-Ayn” (BAA) va “Al-Hilol” (Saudiya Arabistoni) klublari o`rtasidagi OChL–2017 turniri chorak final ilk o`yinida sinovdan o`tkaziladi.
Avvalroq Ilgiz Tantashev OChL–2017 chorak final ilk o`yinidan o`rin olgan hamda 22 avgust kuni o`tkaziladigan “Shanxay SIPG” (Xitoy) – “Guanchjou Evergrand” (Xitoy) o`yinida darvoza ortidagi hakam vazifasini bajarishi haqida xabar berilgandi.
Eslatib o`tamiz, O`zbekistonda darvoza ortidagi hakamlar birinchi marta shu yilning aprel oyida, O`zbekiston Birinchiligi 3-turidan o`rin olgan “NBU-Osiyo” – “Zomin” (1:3) o`yinida sinovdan o`tkazilgandi.






