O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Xaltmaagiyn Battulgani Mongoliya Prezidenti etib saylangani bilan tabrikladi.
“Sizning saylovlardagi ishonchli g`alabangiz Mongoliya xalqining Sizdek boy amaliy tajribaga ega va o`z xalqi va mamlakati manfaatlariga sodiq xizmat qiluvchi mashhur va nufuzli siyosiy arbobga bo`lgan yuqori ishonchi va hurmatini tasdiqladi”, - deyiladi davlatimiz rahbari maktubida.
Ta`kidlanganidek, O`zbekiston Mongoliyani ko`p asrlik tarixga va o`ziga xos madaniyatga, sezilarli tabiiy, iqtisodiy va transport-kommunikasiya salohiyatlariga ega davlat sifatida tan oladi.
Diplomatik munosabatlarning 25 yillik davrida O`zbekiston bilan Mongoliya o`rtasida konstruktiv siyosiy muloqot, xalqaro tashkilotlar, avvalo, ShHT doirasida hamkorlik o`rnatildi, iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalar yo`lga qo`yildi.
“O`zbekiston va Mongoliya tomonlarni qiziqtirgan barcha yo`nalishlarda o`zaro manfaatli hamkorlikni yanada kuchaytirish uchun keng imkoniyatlarga ega”, - deb qayd etilgan maktubda.
O`zbekiston Prezidenti “birgalikdagi sa`y-harakatlarimiz orqali davlatlarimiz va xalqalarimiz farovonligi yo`lida ikki tomonlama munosabatlarimizda sifat jihatdan yangi sahifani ochamiz”, - deb e`tirof etdi.






