O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev Namangan viloyatiga tashrifining ikkinchi kuni Namangan tumanidagi “Merrymed Farm”mas`uliyati cheklangan jamiyatida bo`ldi.
“Merrymed Farm” mas`uliyati cheklangan jamiyati xitoylik hamkorlar ishtirokida tashkil etilgan. Korxona faoliyati farmasevtik mahsulotlar ishlab chiqarish, saqlash, transport-logistika, marketing jarayonlarini to`laligicha o`zida qamrab olgan. Ish jarayoniga yuqori texnologik uskunalar va elektron axborot nazorat qilish tizimlari joriy etilgan, deb yozadi O`zA.
“Merrymed Farm” MChJ import o`rnini bosuvchi 10 farmakologik guruhdagi 100 dan ortiq turdagi dori vositalarini ishlab chiqarmoqda.
Korxona o`simlik va sintetik xomashyodan dori vositalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Davlatimiz tomonidan ko`rsatilayotgan qator soliq va bojxona imtiyozlari tufayli korxonada so`nggi yillarda ishlab chiqarish hajmi sezilarli darajada ortdi. Tabletkalar, kapsulalar, mazlar, galen mahsulotlari, suspenziyalar, infuziyalar, in`eksiyalar, quruq kukun ko`rinishidagi antibiotiklar ishlab chiqarish yo`lga qo`yilgan. Korxona zamonaviy farmasevtik uskunalar bilan jihozlangan. Korxonada 300 ga yaqin ishchi mehnat qiladi.
Shavkat Mirziyoev korxona faoliyati bilan tanishdi. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar, ishchilarga yaratilgan sharoitlar bilan qiziqdi. Korxonada amalga oshiriladigan yangi loyihalar haqida ma`lumot berildi.
Sohani yanada rivojlantirish uchun dunyo tajribasini o`zlashtirish kerak, dedi Prezidentimiz. Bu borada import o`rnini bosuvchi, sifatli dorilar ishlab chiqarishga alohida e`tibor qaratish lozim.






