Davlatimiz rahbari “Nuroniy” jamg`armasining Namangan viloyati bo`limi yangi binosi va «Nuroniylar maskani» bilan tanishdi.
Keksalarni e`zozlash, ularga hurmat-ehtirom ko`rsatish xalqimizga xos ezgu fazilatlardan. Mamlakatimizda yoshi ulug` insonlarni ijtimoiy qo`llab-quvvatlash, turmush sharoitlarini yanada yaxshilash, salomatligini mustahkamlashga alohida e`tibor qaratilmoqda. Zotan, nuroniylarni e`zozlagan kam bo`lmaydi, dedi Shavkat Mirziyoev.
Jamg`armaning Namangan viloyati bo`limida ma`muriy bino, choyxona barpo etilgan. Barcha xonalar zamonaviy mebel va kompyuter jamlamalari bilan jihozlanib, qulay ish sharoiti yaratilgan.
Prezidentimiz «Nuroniylar maskani»da yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Oqsoqollar bilan suhbatlashdi, deb yozadi O`zA.
Suhbatda yoshlar tarbiyasi, boshlang`ich ta`lim tizimini takomillashtirish, yoshlarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga alohida e`tibor qaratildi. Aholini ish bilan ta`minlash masalasi diqqat markazida bo`ldi.
Davlatimiz rahbari Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog`ida tashkil etilgan Gulchilar assosiasiyasi faoliyati bilan tanishdi.
Bu sohaga alohida e`tibor qaratish kerak. Assosiasiyaga er maydoni ajratish, ularni qo`llab-quvvatlash lozim. Viloyatning har bir tumanida assosiasiya bo`limlarini tashkil qilish, ularga malakali gulchilarni taklif etish darkor, dedi Shavkat Mirziyoev.
Prezidentimiz Namangan texnika universitetida maxsus fakultet tashkil qilib, gulchilik ilmini yoshlarga o`rgatish, O`zbekiston Fanlar akademiyasi bilan faol hamkorlik aloqalarini yo`lga qo`yish bo`yicha tegishli ko`rsatmalar berdi.






