AsosiySport

Shota Arveladze: “Paxtakor”ni buyuk klubga aylantirish ustida barcha mehnat qilmoqda

'Shota Arveladze: “Paxtakor”ni buyuk klubga aylantirish ustida barcha mehnat qilmoqda'ning rasmi

“Paxtakor” bosh murabbiyiga aylangan Shota Arveladze klub rasmiy sayti uchun intervyu berdi. Gruziliyalik mutaxassis bilan intervyudan bahramand bo`ling.

- “Paxtakor” va O`zbekistondagi dastlabki taassurotlaringiz qanday?

- Birinchi navbatda menga O`zbekistonda ishlash va yashashga imkoniyat taqdim etgan barchaga minnatdorchilik bildiraman. Alohida tashakkurimni esa klub Prezidenti Bobur Kabulovich Shodievga yo`llayman. U qisqa vaqt ichida “Paxtakor” uchun ko`p narsalar qilishga ulgurdi va meni klubning kelajagi ajoyib ekaniga ishontira oldi.

O`zbeklar juda mehmondo`st xalqligini oldindan bilardim. Toshkentdagi qisqa davr mobaynida bunga yanada ko`proq amin bo`ldim. Shunday ekan, hammasi ajoyib va kayfiyatim a`lo darajada.

- “Paxtakor”dan taklif uchun siz uchun kutilmagan bo`ldimi?

- Ha, bu klubdan taklif tushishini kutmagandim. Hayot shunday narsa, unda turli holatlar ro`y beradi. Menga kutilmagan jihatlar yoqadi.

- O`zbekistonga kelishdan oldin yurtimiz va uning futboli haqida nimalarni bilardingiz?

- Klub tarixini bilaman. Jamoa ilgari qo`lga kiritgan yutuqlar va 1979 yil ro`y bergan aviahalokatdan xabardorman. Bu juda afsuslanarli voqea bo`lgan.

Gruziyalik mashhur futbolchilar “Paxtakor”da o`ynaganini bilaman. Masalan, Manuchar Machaidze. Terma jamoa haqida ko`p ma`lumotga egaman deb ayta olmayman, ammo tez orada o`zbek futboli to`g`risida ko`p narsalarni bilib olishga umid qilaman.

- 1993 yil MDH Kubogida “Paxtakor”ga qarshi o`ynagansiz. O`shanda ikki gol urgansiz va “Dinamo” 5:2 hisobida zafar quchgan. O`sha o`yinni yaxshi eslaysizmi? “Dinamo” safida uch aka-uka Arveladze maydonga tushgan – Shota, Archil va Revaz.

- To`g`risi, o`zim o`sha uchrashuvni eslay olmadim, lekin yigitlar Moskvada o`tgan o`sha bellashuv haqida aytib berishdi. Uch aka-uka Arveladze o`sha o`yinda maydonga tushgani to`g`ri.

- Xorij klublari orasida o`zingiz o`ynagan qaysi jamoani ko`proq yoqtirgansiz?

- To`p tepgan barcha klublarimni yoqtiraman. Ularning bari faoliyatim va o`sishimda katta o`rin tutgan. “AZ Alkmaar”da yordamchi murabbiy sifatida ishlashni boshlaganman. Bu klubni alohida e`tirof etib, Marsel Brans va Lui van Galga rahmat aytaman. Van Gal, Dik Advokat va Ronald Kuman bilan ishladim. Yana Turkiyaning “Qayserispor” klubi bosh direktori janob Xurmadan minnatdorman. U menga ishondi va murabbiylik faoliyatimda ilk bor bosh murabbiylik vazifasini bajardim. “Qayserispor”da uch mavsum ishladim.

- O`zingizni golland futbol maktabi murabbiyi deb hisoblaysizmi?

- Ha deya olaman, chunki Gollandiyada juda ko`plab bilimlarga ega bo`lganman.

- Lui van Gal, Ronald Kuman va Dik Advokat. Ular qanday murabbiy edi va ushbu mutaxassislardan nimalarni o`rgangansiz?

- Ular turlicha uslubga ega. Hammasidan o`zim uchun ko`p narsalar oldim. Xarakter va uslub taraflama ishlarida farq bor, lekin barchasi mashhur va muvaffaqiyatga erishgan futbol maktabi vakillaridir.

- “Paxtakor” qanday futbol namoyish etishini istaysiz?

- Klub an`analariga mos bo`lgan o`yin ko`rsatishini – hujumkor va chiroyli futbol. Buni faqat so`zlarda aytmaymiz. Shuni uddalash uchun harakat qilamiz.

- Yurtimizga kelgach, oliy liganing bir necha o`yinlarni kuzatdingiz. Oliy liga haqida qanday fikrdasiz?

- Ko`p fikr ayta olmayman, ammo texnik futbol o`ynalishini bilib oldim. Barcha to`p bilan ko`proq ishlashni yoqtiradi.

- Yordamchilaringizni qanday taklif qildingiz? Ular nima uchun javob beradi?

- Barchaning o`zi javob beradigan vazifasi bo`ladi. Shtab bizda kichik emas, klub rivojlanishi uchun ko`p mehnat qilamiz. Akademiyaga e`tibor berib, yoshlar bilan ishlashimiz kerak bo`ladi. Bu klub Prezidentining xohishi. Falsafamiz o`zbek yoshlarini kelajak uchun o`ylash va o`stirishdan iborat bo`ladi.

- Arveladze fondini ochish g`oyasi kimdan chiqqan? Uning faoliyati hozir qanday ketmoqda?

- Aka-ukalar birgalikda ushbu fondni ochganmiz. Bundan maqsad yoshlarga jamiyatning to`laqonli a`zosiga bo`lishda yordam berish. Birinchi o`ringa hamisha ta`lim olish qo`yiladi. Shundan keyin sport va boshqa narsalarga e`tibor qaratiladi. Fond 10 yildan beri faoliyat ko`rsatib kelmoqda. Biz katta muvaffaqiyatlarga erishdik deb ayta olaman. Bolalarning ijtimoiy o`sishi, sport va sog`lom hayot tarzi borasida ko`p ishlarni amalga oshirdik. Biz bosh vazir fondi bilan yaqin aloqada bo`lib, og`ir kasalliklardan aziyat chekayotgan bolalarga ko`mak berishga intilyapmiz.

- Siz va Archilni adashtirib yuborishgani sababli kulguli holatlar yuzaga kelganmi? Sizlar egizaksiz va bir-biringizga juda o`xshaysiz.

- Ha, bunday holatlar juda ko`p uchragan. Biror shou dasturida chiqqanimda bu haqda hammasini aytib beraman. Kechirasiz, barchasini emas (kuladi).

- “Paxtakor” muxlislariga qanday tilaklar aytgan bo`lardingiz?

- Birinchi o`rinda mustahkam sog`liq tilayman. Keyin esa ularsiz klub hech qanaqasiga katta klubga aylanmasligi va o`zi arziydigan mavqeda bo`lmasligini ta`kidlayman. Ular bilan birgalikda tez orada “Paxtakor”ni yana katta va buyuk klubga aylantiramiz. Klub Prezidenti va xodimlari tinim bilmasdan buning uchun mehnat qilishmoqda.

Boshqa yangiliklar