Tez kunda Farg`ona-Marg`ilon-Qo`qon va Farg`ona-Marg`ilon-Andijon yo`nalishlarida elektropoezlar qatnay boshlaydi. Prezident Shavkat Mirziyoevning Farg`ona mexanika zavodiga tashrifi chog`ida shu haqda ma`lum qilindi, deb yozadi O`zA.
Farg`ona-Qo`qon temir yo`lining uzunligi 69,2 kilometr, Farg`ona-Andijon yo`nalishining uzunligi 69,5 kilometrni tashkil etadi.
Viloyatda eng ko`p yo`lovchilar oqimi Qo`qon shahriga, so`ngra Oltiariq tumani, Marg`ilon va Farg`ona shaharlariga to`g`ri keladi.
Prezidentimiz topshirig`iga ko`ra viloyat markazida yo`lovchilarning uzog`ini yaqin, mushkulini oson qilish maqsadida elektropoezdlar qatnovi yo`lga qo`yilmoqda. Elektropoezdlarda arzon, qulay, ekologik toza, xavfsiz xizmat ko`rsatiladi.
“O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan ushbu yo`nalishlar uchun 5 elektropoezd modernizasiya qilindi. Natijada transport vositalarining tashqi va ichki qiyofasi butunlay o`zgargan. Vagonlarga kondisioner o`rnatilgan, o`rindiqlar zamonaviysiga almashtirilgan.
Har bir poezd 6 vagondan iborat. Bir yo`nalishda 600 yo`lovchiga xizmat ko`rsatiladi. Elektropoezdlar soatiga 120 kilometr tezlikda harakatlanadi.
Joriy yil oxirigacha Farg`onadan Marg`ilongacha bo`lgan 7,7 kilometr temir yo`lni elektrlashtirish ishlari yakunlanadi.
Xorijdan yana 10 elektropoezd olib kelish rejalashtirilgan.
Prezidentimiz mazkur elektropoezdlar qatnovining yo`lga qo`yilishi viloyat aholisining turmush darajasi va sifatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta`kidladi.
Ilgari Farg`onada elektropoezd qatnaydi desa, birov ishonmasdi. Endi Qo`qondan Andijonga bir soatda etib borish mumkin. Bu ham xalqimizning uzog`ini yaqin qilish, odamlar manfaatini ko`zlab amalga oshirilayotgan islohotlarimizning mevasidir, dedi Shavkat Mirziyoev.
Mazkur ishlarni izchil davom ettirish, Farg`ona shahar vokzali binosi qurilishini nihoyasiga etkazish, elektropoezdlarda yo`lovchilarga servis xizmati ko`rsatishni takomillashtirish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.






