Jizzax politexnika institutida arxitektura va qurilish fakulteti ochildi hamda ushbu fakultet qoshida arxitektor-loyihachilar malakasini oshirish va qayta tayyorlash mintaqaviy markazi tashkil etildi, deb xabar beradi O`zA.
Yangi fakultet va mintaqaviy markaz viloyatda zamonaviy yo`nalishlar bo`yicha kadrlar tayyorlash salohiyatini oshirish, yuqori malakali arxitektor, arxitektor-loyihachi kadrlar etkazib berishga xizmat qiladi.
2017/2018 o`quv yili uchun qabul kvotalarida arxitektura fakulteti bakalavriat yo`nalishiga 25 o`rin ajratilgan.
Yangi tashkil etilgan fakultet va malaka oshirish markazida mashg`ulotlar olib borishga Toshkent arxitektura-qurilishi va Samarqand davlat arxitektura-qurilishi institutlarining tajribali professor-o`qituvchilarini jalb etish mo`ljallanmoqda.
Jizzax politexnika instituti olim va tadqiqotchilari yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanib, mamlakat va xalqaro miqyosdagi yirik ilmiy loyihalarda faol ishtirok etayotir, Evropa Ittifoqining xalqaro "Tempus" dasturi doirasida 2015-2017 yillarga mo`ljallangan “Avtomagistrallar qurilishi muhandisligi va transport mashinasozligi bo`yicha o`quv dasturlarini takomillashtirish”, Germaniyaning Gamburg texnologiya universiteti bilan hamkorlikda “O`zbekistonning aholi yashaydigan hududlarida iqlim o`zgarishiga moslashuv” mavzusidagi xalqaro, “Noravshan to`plamlar nazariyasi asosida tasvirlarni qayta ishlash va tahlil qilish algoritmlari va dasturiy ta`minotini yaratish”, “Iqtisodiyotni modernizasiya qilish sharoitida xizmat ko`rsatish sifati va tarkibini takomillashtirishning nazariy asoslari”, “Talabalarda assertiv xulqni shakllantirishning ijtimoiy psixologik xususiyatlari” kabi fundamental-tadqiqot va innovasion loyihalar shular jumlasidandir.
Institutda yaratilayotgan yangi istiqbolli ilmiy loyihalarni hayotga tatbiq etishda fan, ta`lim va ishlab chiqarish o`rtasida korporativ hamkorlikni rivojlantirishning o`ziga xos mexanizmi shakllangan. Ayniqsa, avtomobil yo`llari qurilishi, energetika sohalarida yaratilgan yangi loyiha, ishlanma va kashfiyotlar bevosita ishlab chiqarishda sinab ko`rilayotgani iqtisodiy samara bermoqda.
Institutda olib borilgan ilmiy-tadqiqot ishlari natijasida 2016 yilda elektron dasturlarga 9 guvohnoma, 1 ixtiroga patent va 3 ishlanmaning amaliyotga tatbiqi bo`yicha dalolatnoma olingan. Professor-o`qituvchilar tomonidan 4 monografiya, 3 o`quv qo`llanmasi nashr etilgan, xorijiy ilmiy jurnallarda 86 ilmiy maqola e`lon qilingan.






