AsosiyJamiyat

​Shavkat Mirziyoev Qo`qon shahriga elektropoezdda keldi

'​Shavkat Mirziyoev Qo`qon shahriga elektropoezdda keldi 'ning rasmi

22 iyun kuni Marg`ilondan Qo`qonga ilk bor elektropoezd qatnay boshladi. Davlatimiz rahbari Qo`qonga ushbu poezdda keldi.

Qo`qon shahridagi “Shaffof metan sanoat” mas`uliyati cheklangan jamiyatida iqtisodiy loyihalar bilan tanishdi, deya xabar beradi O`zA.

Xalqimiz farovonligi yuksalgani sari mamlakatimizda transport vositalari ko`payib bormoqda. Ularning yoqilg`iga bo`lgan ehtiyojini ta`minlash maqsadida siqilgan va suyultirilgan gaz ballonlar ishlab chiqarish kengaytirilmoqda.

“Shaffof metan sanoat” MChJ tomonidan Qo`qon shahrida shu yo`nalishdagi zamonaviy korxona tashkil etish rejalashtirilgan. Buning uchun eski “Qo`qonmash” zavodining bo`sh turgan binolarida zamonaviy texnologiya o`rnatiladi. Yiliga 100 ming dona gaz balloni ishlab chiqarish va avtotransport vositalariga o`rnatish yo`lga qo`yiladi. Korxonada 30 ish o`rni yaratiladi.

Davlatimiz rahbari ushbu mahsulotlarga bo`lgan talab bilan qiziqdi. Gaz bilan yuradigan transport vositalari ko`paysa, benzin va dizel yoqilg`isiga talab kamayadi. Natijada sohadagi xizmatlar arzonlashadi, imkoniyatlar kengayadi, dedi Prezidentimiz.

Mahsulot tannarxini arzonlashtirish, ishlab chiqarishni ikki barobar oshirish, sohaga ixtisoslashgan mutaxassislar tayyorlash bo`yicha ko`rsatmalar berildi.

Qo`qon shahrida hunarmandlikni va turizmni rivojlantirish borasida ham qator loyihalar belgilangan. Jumladan, hunarmandlik va zargarlik markazlari tashkil etish, zamonaviy mehmonxona qurish rejalashtirilgan. Ular qator soliq imtiyozlariga ega bo`ladi, aholi bandligini ta`minlash, farovonligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shaharda amalga oshirilishi rejalashtirilgan yana bir loyiha – Wi-Fi tarmog`ini barpo etish loyihasi aholi va sayyohlarga qo`shimcha qulaylik yaratadi.

Loyihalashtirilgan tibbiy xizmat va stasionar davolash markazi inson manfaatlarini ta`minlashga qaratilgan. Bu erda AQShning “Jeneral elektrik” kompaniyasidan zamonaviy tibbiy jihozlar o`rnatiladi. Markaz yiliga 25 ming 500 kishini davolash, 500 jarrohlik amaliyoti o`tkazish imkoniyatiga ega bo`ladi.

Prezidentimiz aholi salomatligi bilan bog`liq bu majmua qurilishini tezlashtirish zarurligini ta`kidladi.

Shavkat Mirziyoev “Imano grupp” korxonasi negizida poliuretan qoplamali tayyor charm ishlab chiqarish investisiya loyihasi bilan tanishdi. Loyiha amalga oshirilgach, 250 ish o`rni tashkil etish imkoniyati yaratiladi.

Mavjud imkoniyatlardan etarlicha foydalanmayapmiz, dedi davlatimiz rahbari. Tizimdagi korxonalarni barqaror xomashyo bilan ta`minlash, bunga aholini ham jalb etish zarur. Xom terini yig`ish, sifatli tayyorlash va qayta ishlovchilarga etkazib berishga ixtisoslashgan korxonalar tashkil etish kerak.

Prezidentimizning 2017 yil 12 yanvardagi «Urgut», «G`ijduvon», «Qo`qon» va «Hazorasp» erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish to`g`risida»gi farmoniga muvofiq, Qo`qonda erkin iqtisodiy zona barpo qilinmoqda. Ushbu hududda amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar haqida ma`lumot berildi. Rejaga muvofiq, bu erda to`qimachilik, oziq-ovqat sanoati, mashinasozlik, elektrotexnika, farmasevtika, mebelsozlik, poligrafiya, charm-poyabzal va qurilish materiallari ishlab chiqarish yo`lga qo`yiladi.

Shu erda tijorat banklari tomonidan amalga oshiriladigan, chiqindilarni kompleks boshqarish klasterini tashkil etishga qaratilgan loyihalar ham namoyish etildi.

Boshqa yangiliklar