“Biznesning qonuniy manfaatlari davlat tomonidan muhofaza qilinishi va tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to`g`risida” Prezident Farmoni imzolandi.
Farmonning to`liq matni va unga yozilgan sharh bilan O`zAda tanishish mumkin.
Prezidentning mazkur Farmoni avvalo tadbirkorlik faoliyati rivojlanishi va biznesning qonuniy manfaatlari muhofazasini, shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi faoliyati tubdan takomillashtirilishini nazarda tutadi.
Farmonda Savdo-sanoat palatasining quyidagi aniq va eng muhim vazifalari belgilab berilgan:
a) tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish sohasida – tadbirkorlik sub`ektlari, ayniqsa, ularning o`z faoliyatini yo`lga qo`yish davrida qo`llab-quvvatlashning samarali tizimini yaratish, huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli muhofaza qilish kafolatlarini kuchaytirish, sohaning jadal rivojlanishiga har tomonlama ko`mak berish, xususiy mulk va tadbirkorlikning ustuvorlik roli va daxlsizligini ta`minlash, mamlakatimiz tuman va shaharlarida aholini tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish;
vakolatli organlar tomonidan tadbirkorlik sub`ektlarining huquq va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi holatini tahlil qilish hamda tahlil natijalarini tizimli ravishda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va boshqa vakolatli organlarga taqdim etish;
tadbirkorlik faoliyati sohasi qonunchiligining avvalambor mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan ijro etilishi ustidan jamoat nazoratini o`rnatishning samarali tizimini joriy etish va ularning faoliyati bo`yicha mustaqil baholash mezonini ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etish;
davlat va xo`jalik boshqaruvi hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining rahbarlari va xodimlariga nisbatan shikoyat arizalari bilan murojaat qilgan tadbirkorlik sub`ektlarining manfaatlarini himoya qilish;
tadbirkorlik sub`ektlari faoliyati monitoringini amalga oshirish hamda ular faoliyati tekshiruvlarida Palata a`zolarining ishtirok etishi.
b) ishbilarmonlik va investisiya muhitini yaxshilash sohasida – tadbirkorlikka oid qonunchilikni takomillashtirish, tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash, tadbirkorlik sohasidagi me`yoriy-huquqiy hujjatlarning amaliyotga joriy etilishi ustidan jamoat ekspertizasini tashkil etish va jamoat nazoratini kuchaytirishga keng jalb qilish;
tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish hamda qulay ishbilarmonlik va investisiya muhitini shakllantirish bo`yicha davlat dasturlari, shuningdek, hududlarni kompleks rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqishda faol ishtirok etish;
tadbirkorlik sub`ektlarini ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash bo`yicha chora-tadbirlar ishlab chiqishga faol jalb qilish, tadbirkorlik tuzilmalari bilan birgalikda me`yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarining jamoatchilik ekspertizasini, jumladan, sanoat, transport, qurilish, moliya, axborot-kommunikasiya texnologiyalari, savdo va xizmatlar, qishloq xo`jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va boshqa sohalar bo`yicha ekspert kengashlarini tashkil etish;
tadbirkorlik sub`ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari kafolatlarini mustahkamlash, ularning rivojlanishini rag`batlantirishni kuchaytirishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish bo`yicha takliflar tayyorlash;
respublika tumanlari (shaharlari), viloyatlari kesimida joylardagi ishbilarmonlik muhitining holati hamda qonunchilikdagi me`yorlar va talablarning amalga oshirilishi natijalari bo`yicha har chorakda tahlil o`tkazish hamda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va boshqa vakolatli organlarga ularni yaxshilash bo`yicha tahliliy materiallar va takliflarni taqdim etish.
v) tadbirkorlik faoliyatiga ko`maklashish sohasida – tadbirkorlik sub`ektlariga biznesni tashkil etish, yuritish va yanada rivojlantirishda amaliy yordam ko`rsatish, davlat organlari va bozor infratuzilmasi sub`ektlari xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari va sharoitlarini taqdim etish, maslahat yordami va axborot ta`minotini taqdim etishda quyidagilar orqali ko`maklashish:
yangidan faoliyat boshlayotgan tadbirkorlarni joylashtirish uchun biznes-inkubatorlar yaratish va faoliyatini tashkil etish hamda ularga biznes-rejalarni tayyorlash, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog`liq zarur axborotlarni olish va amaliy masalalarni hal etishda ekspert, huquqiy va maslahat yordami ko`rsatish;
tadbirkorlarning investisiya va ishlab chiqarish jarayonlarini tashkil etish bo`yicha amaliy ko`nikmalarni o`zlashtirishi, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog`liq zarur axborotlarni olishga ko`maklashishini ta`minlash;
tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda, ular faoliyati bo`yicha tekshiruvlar o`tkazilganida tadbirkorlik sub`ektlariga huquqiy va yuridik yordam ko`rsatish;
moliyaviy va tovar-xomashyo resurslari, muxandislik-kommunikasiya tarmoqlari, texnologik mashinalar va qurilmalar, ishlab chiqarish ob`ektlari, shuningdek, er uchastkalaridan foydalanishda amaliy yordam ko`rsatish;
Savdo-sanoat palatasi a`zolari va hamkorlari ishtirokida jamoatchilik asosida qo`mitalar, ishbilarmonlik va muvofiqlashtirish kengashlarini tashkil etish;
innovasiya tadbirkorligini joriy etishga, «startup» loyihalar, yoshlarning, avvalambor oliy va o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi muassasalari bitiruvchilarining o`z biznesini tashkil qilish va yuritishga, shuningdek, aholi bandligi va daromadlarining jadal o`sishini ta`minlashga xizmat qiladigan kichik, xususiy va oilaviy tadbirkorlik, kasanachilikning turli shakllarini jadal rivojlantirishga faol ko`maklashish.
g) davlat organlari bilan o`zaro hamkorlik sohasida – davlat hokimiyatining barcha tarmoqlari – qonunchilik, sud va ijro hokimiyatlari, shuningdek, bank-moliya tashkilotlari va bozor infratuzilmasining boshqa sub`ektlari bilan o`zaro hamkorlikning samaradorligiga xizmat qiladigan tizimning yangi shakllarini joriy etish;
tadbirkorlik sub`ektlari bilan davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari, shuningdek, joylardagi barcha darajadagi davlat hokimiyati organlari o`rtasida o`zaro munosabatlarni samarali tashkil etishga ko`maklashish, “to`g`ridan-to`g`ri va qayta aloqa” tamoyili bo`yicha o`zaro hamkorlikning amaliy va samarali mexanizmini yaratish;
tadbirkorlik sub`ektlarining murojaatlarini qabul qilish va qayta ishlash, vakolatli organlarga ko`rib chiqish uchun taqdim etish, shuningdek, ularning ijro etilishi monitoringi va tahlilini olib borish;
viloyatlar markazlari, tumanlar va shaharlarda Tadbirkorlikka ko`maklashish markazlari faoliyatini tashkil etish, ularning vakolatli davlat organlari va tashkilotlar, shuningdek, davlat xizmatlari taqdim etuvchi xo`jalik boshqaruvi organlari bilan o`zaro hamkorligini ta`minlash.
d) tadbirkorlik sub`ektlarini o`qitish va kadrlar tayyorlash sohasida – tadbirkorlik tuzilmalari uchun kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimi sifatini tubdan oshirish, iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojlarini inobatga olgan holda, ta`lim yo`nalishlari va ixtisosliklari bo`yicha o`quv dasturlarini takomillashtirish, har bir tuman va shaharlarda quyidagi usullar orqali kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash doimiy kurslarini tashkil etish:
O`zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko`maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo`mitasi, shuningdek, Respublika tadbirkorlik faoliyati asoslarini o`qitish markazi va uning hududiy filiallari bilan kasb-hunar kollejlari negizida mashg`ulotlardan bo`sh vaqtlarda o`zaro hamkorlikni tashkil etish;
markaz faoliyatining yo`nalishlari bo`yicha xalqaro moliya institutlari, xorijiy donorlar va chet davlatlarning tadbirkorlarni o`qitish bo`yicha muqobil markazlari bilan yaqin hamkorlikni yo`lga qo`yish;
tadbirkorlarga biznes yuritish asoslari, biznes-rejalar tuzish, tadbirkorlik faoliyati sohasida qonunchilik hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish, menejment, moliyaviy boshqaruv va boshqa zarur fanlarga o`qitishni tashkil etish bo`yicha tadbirkorlik sub`ektlari uchun o`quv kurslarini ishlab chiqish va o`tkazish;
xodimlarni tanlash va o`qitishda, ularning professional malakasini doimiy oshirishda tadbirkorlarga yaqindan ko`maklashish, hududlar va tadbirkorlik sohalarida malakali kadrlarga bo`lgan ehtiyojlardan kelib chiqib, o`rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta`lim muassasalarida mutaxassislar tayyorlashga davlat buyurtmasini shakllantirishda ishtirok etish;
ta`limni tashkil etish uchun oliy o`quv yurtlari, kasb-hunar kollejlarining o`qituvchilari, amaliyotchi-mutaxassislar, yuqori natijalarga erishgan tadbirkorlar va xorijiy mutaxassislarni jalb qilish.
e) tashqi iqtisodiy faoliyat va investisiyalarni jalb qilish sohasida – mamlakatimizdagi tadbirkorlik sub`ektlarining xalqaro ishbilarmonlik hamjamiyatiga integrasiyalashuvi, mahalliy korxonalar mahsulotlarining tashqi bozorlarga chiqarilishini ta`minlash, milliy brendlarni xorijda faol ilgari surish, mahalliy va xorijiy investisiyalarni, shuningdek, zamonaviy texnologiyalarni jalb etish;
biznes-forumlar, ko`rgazmalar va yarmarkalarni tashkil etish va ularda mahalliy tadbirkorlik sub`ektlarining keng ishtirokini ta`minlash;
tadbirkorlik sub`ektlariga ishonchli hamkorlar, yangi bozorlarni izlash va ishlab chiqarilgan mahsulotlarni tashqi bozorlarga yo`naltirish, eksport turlarini kengaytirish va tadbirkorlik sub`ektlarining eksport salohiyatini oshirish, shuningdek, ularga huquq va manfaatlarini muhofaza qilishda yordam ko`rsatish;
tashkil etilgan kichik sanoat va erkin iqtisodiy zonalarda ichki va tashqi bozorlarda talab yuqori bo`lgan, raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqarish bo`yicha zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil etishga oid loyihalarni amalga oshirish doirasida tadbirkorlik sub`ektlari, jumladan, xorijiy investorlarga har tomonlama ko`maklashish;
ushbu muhim va dolzarb vazifalarni amalga oshirishda mamlakatimizning chet eldagi diplomatik vakolatxonalarining savdo-iqtisodiy masalalar bo`yicha maslahatchilari, shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining chet eldagi vakolatxonalari bilan o`zaro hamkorlikni ta`minlash.
Davlatimiz rahbarining “Biznesning qonuniy manfaatlari davlat tomonidan muhofaza qilinishi va tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to`g`risida”gi Farmoniga muvofiq, Savdo-sanoat palatasi me`yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarining tadbirkorlik faoliyatiga ta`sirini baholash to`g`risidagi xulosani berish bo`yicha vakolatli organ etib belgilandi. Ya`ni, tadbirkorlik sohasidagi barcha loyihalar majburiy ravishda Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilishi zarur.
Nazorat organlari tomonidan rejalashtirilgan tekshiruvlar haqida avvaldan Savdo-sanoat palatasiga xabar berilishi, shuningdek, davlat organlari, jumladan, nazorat va huquqni muhofaza qilish organlari huzurida tashkil etiladigan jamoat maslahat kengashlari tarkibiga Savdo-sanoat palatasi vakillarining kiritilishi tartibi joriy etilmoqda.
2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasida biznes-hamjamiyati bilan davlat organlari o`rtasida muloqot qilishing samarali mexanizmini yo`lga qo`yish bo`yicha belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida Farmonda Savdo-sanoat palatasi va O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo`mitalari hamkorlikda xususiy mulk va tadbirkorlikni rivojlantirish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta`minlash masalalari bo`yicha davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari va xodimlarining hisobotlarini tinglash nazarda tutilgan.
Shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan muammoli masalalarni, biznes-g`oyalarni hamda loyihalarni muhokama qilish bo`yicha tizimli asosda uchrashuvlar o`tkazish, biznes doiralar, ilmiy hamjamiyat, Hukumat va aholi o`rtasidagi muloqotlarga ko`maklashish maqsadida har yili biznes-hamjamiyat, mintaqaviy va xalqaro biznes vakillarining Iqtisodiy forumini o`tkazish ko`zda tutilmoqda.
O`zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi oldiga qo`yilgan vazifalarni hamda berilgan qo`shimcha huquq va vakolatlarni to`liq va samarali amalga oshirish maqsadida Farmon ijrosi doirasida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “O`zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi faoliyatini tashkil etishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori qabul qilindi. Unda Savdo-sanoat palatasining tashkiliy-boshqaruv tuzilmasini tubdan takomillashtirish nazarda tutilgan.






