Qadimiy va navqiron shahrimizda bu yil o`n birinchi bor «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivali o`tkaziladi.
Samarqand viloyati hokimligida mazkur nufuzli festivalga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazishga bag`ishlangan yig`ilish bo`lib o`tdi.
Viloyat, shahar va tuman hokimliklari mutasaddilari, boshqarmalar boshliqlari, korxona, jamoat tashkilotlari va muassasalar rahbarlari ishtirokida o`tgan yig`ilishni viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi T.Jo`raev olib bordi. Viloyat hokimi o`rinbosari A.Umarovning «Sharq taronalari» XI xalqaro musiqa festivaliga tayyorgarlik bo`yicha olib borilayotgan ishlar yuzasida axboroti tinglandi. Festival direksiyasi ijrochi direktori T.Xoliqov anjumanni o`tkazishga doir takliflarini bildirdi.
Ayni paytgacha bo`lgan ma`lumotlarga ko`ra, bu galgi anjumanga dunyoning 70 ga yaqin mamlakatidan 500 nafardan ziyod musiqashunoslar, xonanda va sozandalar, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari tashrif buyurishadi.






