AsosiyJamiyat

​Prezident Uchtepa tumanidagi ko`p qavatli uylarda aholiga yaratilgan sharoitlar bilan qiziqdi

'​Prezident Uchtepa tumanidagi ko`p qavatli uylarda aholiga yaratilgan sharoitlar bilan qiziqdi'ning rasmi

Shavkat Mirziyoev Uchtepa tumaniga tashrifi chog`ida Vatanparvar mahallasi hududidagi «Vatanparvar inoq kommunalchi» xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati faoliyati bilan tanishdi, deb yozadi O`zA.

2010 yilda tashkil etilgan ushbu shirkat tumandagi eng namunali xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlaridan biri. Shirkat joylashgan 38-uyning kirish yo`laklari zamonaviy uslubda ta`mirlangan, uyga tutash hudud obodonlashtirilgan. Ko`p qavatli uyning old qismi va yo`laklarga videokuzatuv o`rnatilgan. 60 xonadonga xizmat ko`rsatuvchi shirkatda kommunal tariflar aholi uchun qulay narxlarda ishlab chiqilgan.

Shirkatning o`z mablag`i hisobidan uch yil ilgari uyning tom qismi mukammal ta`mirlangan, yo`laklarga zamonaviy eshiklar o`rnatilgan. Uy oldida qurilgan avtoturarjoy shu erda yashovchi aholiga bepul xizmat ko`rsatadi. Turli attraksionlar, o`yin qurilmalari bilan jihozlangan bolalar maydonchasi nafaqat bolalar, balki kattalarning ham bahri dilini ochadi.

Prezidentimiz xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati rahbari Svetlana Orlova bilan shirkat faoliyati, ko`p xonadonli turar joylarda aholining uy-joy sharoitini yaxshilash bo`yicha qilinayotgan ishlar haqida suhbatlashdi. Shirkat xodimlari va xonadon sohiblarining qo`l mehnati bilan obod maskanga aylangan bunday shirkatlar tajribasini o`rganish, uni boshqa tumanlarga ham keng targ`ib etish zarurligi ta`kidlandi.

Ishlayman, yarataman degan odamga ko`p narsaning keragi yo`q, dedi davlatimiz rahbari. Oddiy qo`l mehnati, ko`pchilikning sa`y-harakati bilan o`zi yashayotgan hududni shunday saranjom-sarishta, fayzli maskanga aylantirayotgan yurtdoshlarimiz ko`payayotgani bizni quvontiradi.

Boshqa yangiliklar