AsosiyJamiyat

​2017 yilning eng faol hamshirasi aniqlandi

'​2017 yilning eng faol hamshirasi aniqlandi'ning rasmi

“Hamshira — 2017” ko`rik-tanlovining yakuniy final bosqichi Toshkent shahrida o`tkazildi. Bu galgi tanlov tashkiliy va mazmun jihatdan har yilgidanda o`zgacha tartibda o`tdi, deya xabar berdi SSV axborot xizmati.

Tanlovning Respublika bosqichida ishtirokchilar uch turdagi shart bo`yicha o`z mahoratlarini namoyish etishdi. Har bir shart 10 ballik mezon asosida hakamlar hay`ati tomonidan baholab borildi.

Birinchi shartda ishtirokchilar tibbiyot sohasidagi amaliy bilimlarini sinovdan o`tkazishdi. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida o`tkazilgan ushbu shartda hamshiralarning bemor bilan muloqot madaniyati, uning ahvolini to`g`ri baholab, muolajalarni tibbiy asbob-uskunalardan unumli foydalangan holda sifatli bajarishi baholandi.

Ikkinchi shartda hakamlar hay`ati ishtirokchilarning tibbiyot sohasidagi nazariy bilimlarini sinovdan o`tkazishdi. Bunda hamshiralarning shoshilinch tez tibbiy yordam, birlamchi patronaj tizimi, reproduktiv salomatlik va akusherlik yordami, terapiya, xirurgiya, pediatriya, geriatriya kabi 7 ta yo`nalish bo`yicha nazariy va amaliy ko`nikmalarini bosqichma-bosqich bajarish algoritmi baholandi.

Uchinchi shartda esa hakamlar ishtirokchilarning mamlakatimizda o`tkazilayotgan tub islohotlar, xususan, sog`liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan keng ko`lamli chora-tadbirlar mohiyati va unda hamshiralarning o`rni va vazifasi, tibbiy tahlil natijalariga ko`ra kasallik belgilarini aniqlashi va hamshiralik yordamini tashkil etish, epidemiologik holat yuz berganda ko`riladigan chora-tadbirlar bo`yicha nazariy bilimlari sinovdan o`tkazishdi.

"Hamshira — 2017" ko`rik-tanlovining yakuniga ko`ra Toshkent Shahar shoshilinch tez tibbiy yordam shifoxonasi hamshirasi Shahnoza Pozilova birinchi o`rinni, Pop tuman tibbiyot birlashmasi shoshilinch tibbiy yordam bo`limi hamshirasi Feruza Bo`taeva ikkinchi, Buxoro viloyat ko`ptarmoqli tibbiyot markazi reanimasiya bo`limi hamshirasi Muharram Salimova uchinchi o`rinni qo`lga kiritdi.

G`oliblar diplom va esdalik sovg`alari bilan taqdirlandi.

    Boshqa yangiliklar