Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 16 iyun kuni poytaxtimizning Uchtepa tumaniga tashrif buyurdi.
Prezidentimiz dastlab tumanda bunyod etilishi rejalashtirilayotgan ko`ngilochar va istirohat bog`i loyihasi bilan tanishdi, deb yozadi O`zA.
Olti gektarga yaqin maydonga ega mazkur istirohat bog`ida zamonaviy, xavfsiz, energiyatejamkor attraksionlar, bolalarning intellektual salohiyatini oshiradigan o`yin qurilmalari, suzish havzasi, favvora, kitobxonlik uchun maxsus joy, skeyt va gullar maydonchalari, savdo shoxobchalari, avtomobillar turadigan joy va boshqa zarur infratuzilma inshootlari qurilishi ko`zda tutilgan.
Prezidentimiz istirohat bog`i loyihasini yanada mukammalashtirish, uning atrofida zamonaviy gipermarket bunyod etish, unda zamonaviy kinoteatr, kutubxona va boshqa zarur dam olish maskanlari bo`lishi, bunyodkorlik ishlarida Janubiy Koreya, Yaponiya kabi davlatlar tajribasidan foydalanish zarurligini ta`kidlab, mutasaddilarga zarur ko`rsatmalar berdi.






