AsosiySport

Rasmiy xabar! Samvel Babayan sentyabrgacha O`zbekiston termasini boshqaradi

'Rasmiy xabar! Samvel Babayan sentyabrgacha O`zbekiston termasini boshqaradi'ning rasmi

O`zbekiston Futbol Federasiyasi jahon chempionati saralash o`yinlaridan keyin ishqibozlar va turli OAVda yuzaga kelgan vaziyatdan xabardor va milliy terma jamoaning keyingi taqdiri haqidagi bahs va munozaralar, taklif va murojaatlarni juda yaxshi tushunib turibdi. O`zbekiston Futbol Federasiyasi har bir futbol ishqibozi o`zining shaxsi fikri borligi va uni erkin ifoda qilish vakolatiga ega ekanligiga hurmat bilan qaraydi.

Milliy terma jamoaning jahon chempionati saralash o`yinlaridagi ishtiroki, terma jamoa murabbiylar shtabi a`zolarining atrofidagi xavotirli fikrlarga hurmat saqlagan holda ma`lum qilamizki, O`zbekiston Futbol Federasiyasi Samvel Babayan boshchiligidagi murabbiylar shtabiga ish va vazifani oxiriga etkazib qo`yish uchun imkoniyat beradi. O`zbekiston terma jamoasining 31 avgustda Xitoyga qarshi safardagi o`yini hamda 5 sentyabr kuni Koreyaga qarshi Toshkentdagi o`yinlariga jamoani Samvel Babayan tayyorlaydi.

Milliy terma jamoaning keyingi taqdiri bo`yicha qaror 5 sentyabrda Koreya bilan Toshkentdagi o`yindan keyin qabul qilinadi.

Shu bilan bir qatorda qo`shimcha qilamizki, O`zbekiston Futbol Federasiyasi Ijroiya Qo`mitasi Byurosining qaroriga ko`ra, shu yilning sentyabr oyida O`FF navbatdagi Konferensiyasini o`tkazadi. Unda tashkiliy masalalar, shu jumladan, O`zbekiston Futbol Federasiyasi Prezidenti va rahbarlik lavozimlarining saylovi, O`FF strukturasini o`zgartirish va kadrlar masalasini qayta ko`rib chiqish, shuningdek, mamlakat futbolini isloh qilish bo`yicha dasturlarni tuzib chiqish kabi dolzarb masalalar ko`rib chiqiladi.

O`zbekiston Futbol Federasiyasi matbuot xizmati

Boshqa yangiliklar