Somali poytaxti Mogadishoda terrorchilar minalangan avtomobilni portlatib, 20 nafarga yaqin odamni garovga oldi, deb xabar berdi Ntv.ru nashri.
Nashrning xabar berishicha, terrorchilar avvaliga mehmonxona oldidagi minalangan avtomobilni portlatgan. Keyin bino ichiga bostirib kirib, mehmonxona xodimlari va bino ichidagi Pizza House restorani mijozlarini garovga olgan. Shundan keyin mehmonxona ichida otishma boshlangan.
Mogadisho polisiyasi jangarilar hamon restoran ichida ekanligini, ichkarida garovga olingan odamlarning tirik qolgani haqida hech qanday ma`lumotga ega emasligini bildirdi. Mahalliy huquq-tartibot idorasi vakillari terakt oqibatida 14 kishining, shu jumladan 1 nafar restoran xodimining halok bo`lganini tasdiqladi. Polisiya 2 nafar jangarini otib o`ldirishga, 10 nafar garovga olingan odamni ozod qilishga muvaffaq bo`ldi. Ayni paytda garovga olingan odamlarni qutqarish operasiyasi davom etmoqda.
Mazkur terakt javobgarligini “Ash-Shabob” islom radikal guruhi jangarilari o`z bo`yniga oldi.






