AsosiyJamiyat

​Buxoroda “Mir Arab” oliy madrasasi ro`yxatdan o`tkazildi

'​Buxoroda “Mir Arab” oliy madrasasi ro`yxatdan o`tkazildi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev 10-11 mart kunlari Buxoro viloyatiga tashrif buyurganida viloyatda “Mir Arab” oliy madrasasini tashkil qilish bo`yicha ko`rsatma bergan edi.

O`zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan “Mir Arab” oliy madrasasi tashkil qilinib, kecha O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi davlat ro`yxatidan o`tkazdi.

Ushbu diniy ta`lim muassasasining tashkil qilinishi O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi va “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to`g`risida”gi Qonunda belgilangan fuqarolarning vijdon erkinligi hamda diniy ta`lim olishga bo`lgan huquqlarini amalga oshirishlari uchun yana bir imkoniyat bo`ldi.

Shuningdek, mazkur voqea 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan diniy bag`rikenglikni ta`minlash borasidagi amaliy harakatlarning yorqin ifodasidir.

Kecha Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida Adliya vazirligining Jamoat, nodavlat notijorat va diniy tashkilotlar boshqarmasi vakili O`zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov va “Mir Arab” oliy madrasasi rektori vazifasini bajaruvchi Elov Jobir Rustamovichga oliy madrasaning davlat ro`yxatiga olingani to`g`risidagi guvohnomani topshirdi va yangi o`quv yurtining kelgusidagi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilandi.

Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan tashkil qilingan ushbu diniy ta`lim muassasasi oliy Islom bilim yurti hisoblanishini ta`kidlagan holda madrasaning O`zbekiston xalqiga sof Islom dini asoslarini puxta o`rganish va mamlakatda diniy bag`rikenglikning ta`minlanishida muhim ahamiyat kasb etishini bildirdi.

Mazkur ta`lim muassasasidan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abdulxoliq G`ijduvoniy, Bahouddin Naqshband kabi buyuk allomalar etishib chiqishini tilab duo qildi. Shu bilan birga, hozirgi vaqtda Buxoro viloyatida yangi tashkil qilingan “Mir Arab” oliy madrasasidan tashqari “Mir Arab” o`rta maxsus islom bilim yurti ham o`z faoliyatini davom ettirib borishini ta`kidladi.

    Boshqa yangiliklar