Toshkent shahrida 12 iyun kuni videoselektor yig`ilishi bo`lib o`tdi. Unda hamma sohada ham o`zgarishlar kutilgan natijalarni bermayotgani, ba`zi yangi vazirlik va idoralar o`z faoliyatini hanuzgacha samarali yo`lga qo`ymagani, bu esa 2017 yil uchun belgilangan dasturlar ijrosini ta`minlashga salbiy ta`sir ko`rsatayotgani tanqid qilindi.
Jumladan, tashkil etish to`g`risida qaror qabul qilinganiga bir necha oy o`tganiga qaramasdan, “O`zagroeksportbank” va “Poytaxtbank”ning muassislari tomonidan ushbu banklarning faoliyatini yo`lga qo`yish haligacha ta`minlanmagani sabablari chuqur tahlil qilinib, ularni bartaraf etish bo`yicha aniq topshiriqlar berildi.
Yig`ilishda, ayniqsa, iqtisodiyotni boshqarish sohasida eski qolipdagi, real hayotdan uzoq, yuzaki yondashuvlarga yo`l qo`yib bo`lmasligi, bugungi shiddatli taraqqiyot hamma sohalarda vaziyatni tanqidiy baholab, ularni rivojlantirishda yangicha usul va samarali tizimlarni, zamonaviy boshqaruv usullarini joriy etishni, yuksak mas`uliyat va tashabbuskorlikni talab etishiga alohida e`tibor qaratildi.
Davlatimiz rahbari Hukumatning shu davrdagi faoliyatini tahlil qilib, hududlar bilan ishlash, har bir muammoni joylarga borgan holda, chuqur va puxta o`rganib, izchil hal etish, samara va natijadorlik Vazirlar Mahkamasi komplekslari, vazirlik va idoralar, mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari faoliyatini baholashda muhim mezon bo`lishini ta`kidladi.






