Osiyo mintaqasidan JCh–2018 turniriga saralash bosqichi “A” guruhi 8-turida O`zbekiston terma jamoasi safarda Eron futbolchilariga qarshi bahs yuritadi. Bellashuv 12 iyun, dushanba kuni Tehron shahridagi “Ozodi” stadionida bo`lib o`tadi. O`yin Toshkent vatqi bilan 21:45 da boshlanadi.
O`FF matbuot xizmati jamoalar o`rtasidagi o`zaro o`yinlar statistikasi, tarkibdagi yo`qotishlar va bo`lajak o`yinga oid boshqa ma`lumotlarni taqdim qiladi.
O`zaro uchrashuvlar
O`zbekiston va Eron shu kungacha 7 marotaba o`zaro to`qnash kelgan. Forslar 5 o`yinda g`alaba qozongan bo`lsa, bitta uchrashuvda milliy terma jamoa zafar quchgan. Yana bir o`yinda murosa ko`chasi tanlangan. O`zbekiston milliy terma jamoasining Eronga qarshi yagona g`alabasi 2012 yili Tehronda qayd etilgan.
Jamoalar o`rtasidagi barcha o`yinlar natijasi
14.12.1998 O`zbekiston – Eron 0:4 | Osiyo o`yinlari 1/4 final
11.07.2007 Eron – O`zbekiston 2:1 | Osiyo Kubogi, guruh bosqichi
05.09.2009 O`zbekiston – Eron 0:0 | O`rtoqlik o`yini
03.06.2012 O`zbekiston – Eron 0:1 | JCh–2014 saralashi
14.11.2012 Eron – O`zbekiston 0:1 | JCh–2014 saralashi
11.06.2015 O`zbekiston – Eron 0:1 | O`rtqolik o`yini
06.10.2016 O`zbekiston – Eron 0:1 | JCh–2018 saralashi
Bo`lajak o`yinga tayyorgarlik
O`zbekiston milliy terma jamoasi Eronga qarshi o`yin oldidan 6 iyun kuni Toshkentda Tailand termasi bilan kuch sinashdi. Temurxo`ja Abduxoliqov va Sardor Rashidovning gollari O`zbekistonga 2:0 hisobidagi g`alabani olib keldi.
Eron termasi 4 iyun kuni Podgorisa shahrida Chernogoriya futbolchilariga qarshi bahs olib bordi. Sardor Azmunning dubli Karlush Keyrush jamoasiga 2:1 hisobidagi g`alabani keltirdi.
Yo`qotishlar
O`zbekiston terma jamoasi safida bir qator yo`qotishlar mavjud. Jumladan, Vitaliy Denisov, Islom To`xtaxo`jaev, Aleksandr Merzlyakov kabi futbolchilar Tailand va Eronga qarshi o`yinlarda maydonga tushmasligi ancha oldin ma`lum bo`lgan edi.
Keyinroq shifokorlar tavsiyasiga ko`ra Odil Hamrobekov milliy terma jamoa lagerini tark etib, “Nasaf” ixtiyoriga yuborildi. Tailand bilan o`yinda jarohat olgan Marat Bikmaev va klubda oyog`ini shikastlagan Davron Xoshimov ham Eronga bormasligi ma`lum bo`ldi.
Eron terma jamoasi safida yo`qotishlar yo`q. O`zbekiston bilan o`yinga jalb qilingan futbolchilardan hech biri jarohat olmagan yoki ma`lum sabablarga ko`ra lagerni tark etmagan.
FIFA reytingidagi o`rni
1 iyun kuni Xalqaro futbol federasiyasi (FIFA)ning yangilangan reytingni e`lon qilingan edi. Unga ko`ra, O`zbekiston terma jamoasi 582 ochko bilan 62-o`rinni egalladi. Hisobida 829 ochko bo`lgan Eron jahon reytingida 30-pog`onadan joy oldi. OFKga a`zo mamlakat terma jamoalari o`rtasida forslar birinchi, O`zbekiston oltinchi o`rinda bormoqda.
Uchrashuv hakamlari
Eron – O`zbekiston uchrashuviga ummonlik FIFA referisi Ahmad Abu Bakar Said al-Kaf mazkur bosh hakam etib tayinlandi. Unga qanotlarda hamyurtlari Hamid Sulaymoy Marhun al-Mahayi hamda Abu Bakar Salim Mahad al-Amri yordam beradi. Umar Muborak Mazarua al-Yoqubiy zaxira hakami sifatida ishlaydi.
Hakamlar ishiga malayziyalik Muhammad Solih Subhiddin baho beradi. Uchrashuv komissari etib yaponiyalik Kaise Tomoxiro tayinlandi. Xavfsizlik bo`yicha ofiser – Tara Singx (Malayziya).
Guruhdagi vaziyat
JCh–2018 turniriga saralash bosqichi “A” guruhi 7-turidan keyin vaziyat quyidagicha: Eron 17 ochko bilan peshqadam. Janubiy Koreya 13 ochko, O`zbekiston 12 ochko bilan mos ravishda 2–3 o`rinlarni egallab turibdi. Guruhdagi 4–6 o`rinlarni esa tegishli ravishda Suriya (8 ochko), Xitoy (5 ochko) va Qatar (4 ochko) egallagan.
“A” guruhi 8-turning qolgan o`yinlari
Saralash bosqichining “A” guruhi 8-turida Suriya neytral maydon – Malayziyada Xitoy terma jamoasi bilan to`qnash keladi. O`yin 13 iyun kuni Toshkent vaqti bilan 18:45 da boshlanadi. Qatar termasi esa 13 iyun kuni Janubiy Koreyani Doha shahrida qabul qiladi. Bellashuv Toshkent vaqti bilan 23:59 da boshlanadi.






