AsosiySport

Intervyu: Aleksandr Geynrix JChga chiqish istagi, faoliyatidagi qiyinchiliklar va Suriya bilan o`yindagi selfi haqida

'Intervyu: Aleksandr Geynrix JChga chiqish istagi, faoliyatidagi qiyinchiliklar va Suriya bilan o`yindagi selfi haqida 'ning rasmi

O`zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi Aleksandr Geynrix FIFA rasmiy saytiga intervyu berdi. O`FF matbuot xizmati tomonidan tashkil qilingan suhbat chog`ida tajribali futbolchi faoliyatidagi qiyinchiliklar, saralash bosqichidagi bo`lajak to`qnashuvlar, JCh–2018 turniriga chiqish orzusi hamda Suriyaga qarshi o`yindagi selfi haqida so`zlab berdi.

FIFA muxbiri Aleksandr Geynrixning Suriya bilan o`yinda olgan selfisiga oldindan tayyorgarlik ko`rgan-ko`rmagani haqidagi savolga quyidagicha javob berdi: “Suriya bilan o`yindagi selfi o`z-o`zidan kelib chiqdi. Jurnalist Nodirxo`ja Yo`ldoshev telefonini menga uzatdi va ajoyib ehtiroslar ostida selfiga tushdik”.

O`zbekistonlik hujumchidan intervyu olgan muxbir Geynrixni bir necha kun oldin faoliyatini yakunlagan Franchesko Tottining selfi bilan gol nishonlashiga qiyosladi.

“Totti menga yoqadi, u haqiqiy afsona. Uning so`nggi o`yinini ko`rdim va futbol bilan xayrlashganini ko`rib yig`ladim. U singari gol nishonlaganimdan mamnunman”, – deya javob berdi hujumchi.

O`zbekistonlik hujumchi Rossiyada bo`lib o`tadigan Jahon chempionatiga chiqish istagi haqida qo`yidagi fikrlarni bildirdi: “Rossiyadagi JChga borishni juda ham xohlar edim. JCh qanday ekani haqida tushunchaga egaman, chunki 2003 yili BAAdagi U-20 Jahon chempionatida ishtirok etganman. Rossiyadagi JCh–2018 turnirida qatnashib, keyin faoliyatimni tugatishni istardim”.


Aleksandr Geynrix O`zbekistondan tashqari faoliyati davomida Rossiya, BAA, Janubiy Koreya chempionatlarida to`p surgan. Ayni vaqtda esa u Qozog`istonda o`ynamoqda. Futbolchi turli mamlakatlarda har xil futbol madaniyatiga duch kelgani va o`ziga yarasha tajriba orttirganini ma`lum qildi.

“Rossiyaga birinchi borganimda juda yosh edim va u erda futbol o`ynash oson emasligini tushundim. Mashhur liga, nomdor futbolchilar, katta pul. Asosiy tarkib a`zosi bo`lish oson bo`lmaganini tan olish kerak. BAAda umuman boshqacha bo`lgan: o`zgacha texnika va noodatiy madaniyat. Rossiya va BAAdagi faoliyatim davomida o`zim uchun kerakli xulosalar chiqarib, tajriba to`plaganman.


Janubiy Koreyada esa qiynalganman. Bu erdagi hayot tarzi, mahalliy ovqat, shuningdek, mashg`ulotlarga ko`nikish oson kechmagan. Bir oy o`tgach K-Ligada menga mushkul bo`lishini tushundim. Menimcha, Koreyadagi kareram eng qiyini bo`lgan. Qozog`istonda ham anchadan buyon o`ynayman va bu er menga ma`qul. Qozog`iston va O`zbekiston bir-biriga yaqin bo`lgani uchun deyarli barcha narsalar bir xil va aynan shu narsa menga qulaylik yaratmoqda”, – dedi o`zbekistonlik xujumchi.

Ma`lumot o`rnida, Aleksandr Geynrix “Do`stlik” (2001), “Paxtakor” (2002, 2005, 2007–2011), SSKA (2003–2004, Rossiya), “Torpedo” (2005–2006, Rossiya), “Suvon Blyuvings” (2011, J.Koreya), “Emireyts” (2012, BAA), “Aktobe” (2012–2014, Qozog`iston), “Lokomotiv” Toshkent (2014) klublarida to`p surgan. 2015 yildan buyon esa u Qozog`istonning “Ordabasi” jamoasi sharafini himoya qilmoqda.

Aleksandr Geynrix 2002 yildan buyon milliy terma jamoa sharafini himoya qilib kelmoqda. Shu vaqt mobaynida u 93 uchrashuv o`tkazib, 31 ta golga mualliflik qildi. Terma jamoa safidagi o`yinlari soni 100 taga etib qolganiga qaramay, Geynrix individual natijalar muhim emasligini, asosiysi jamoaviy o`yin ekanini ta`kidladi.

“Men shaxsiy natija yoki rekordlar ortidan quvmayman. Futbol – jamoaviy o`yin va bu eng asosiysi”, – dedi Geynrix.

JCh–2018 turniriga saralash bosqichi haqida fikr bildirar ekan, Aleksandr Geynrix so`nggi turda Janubiy Koreyaga qarshi kechadigan o`yin hal qiluvchi ahamiyatga ega yoki ega emasligi haqida gapirish ertaligini aytdi.

“Bu haqda gapirishga hali erta. Janubiy Koreyaga qarshi o`yin hal qiluvchi bo`lishi uchun oldindagi o`yinlarda ochko olishimiz kerak. Keyin koreyaliklarga qarshi o`yinni hal qiluvchi desak bo`ladi. “JCh–2018 musobaqasiga avtomatik ravishda yo`l olish uchun bor kuchimizni beramiz. Barchasi o`z qo`limizda”, – dedi hujumchi.


Aleksandr Geynrix O`zbekiston safida gol ursa qanday nishonlashi haqidagi savolga quyidagicha fikr bildirdi. “Navbatdagi golimni qanday kiritishimni TV orqali ko`rasiz. Bu siz uchun syurpriz bo`ladi”, – deya intervyuga yakun yasadi Aleksandr Geynrix.


Ma`lumot uchun, O`zbekiston milliy terma jamoasi 12 iyun kuni Tehronda Eron mehmoni bo`ladi. 31 avgust kuni esa Samvel Babayan shogirdlari safarda Xitoy bilan, 5 sentyabr kuni esa Toshkentda Janubiy Koerya bilan to`qnash keladi.

JCh–2018 turniriga saralash bosqichi “A” guruhi 7-turidan keyin vaziyat quyidagicha: Eron 17 ochko bilan peshqadam. Janubiy Koreya 13 ochko, O`zbekiston 12 ochko bilan mos ravishda 2–3 o`rinlarni egallab turibdi. Guruhdagi 4–6 o`rinlarni esa tegishli ravishda Suriya (8 ochko), Xitoy (5 ochko) va Qatar (4 ochko) egallagan.

Boshqa yangiliklar