ShHTning Ostona sammiti doirasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev o`zi uchun ajratilgan qarorgohda Qirg`iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atamboev bilan uchrashdi.
Shavkat Mirziyoev Qirg`iziston Prezidenti bilan bu galgi uchrashuvi ikki davlat o`rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash, hamkorlik aloqalarni kengaytirishda muhim bosqich bo`lishi, Samarqanddagi uchrashuvda erishilgan kelishuvlarni mazmunan boyitishini ta`kidladi, deb yozadi O`zA.
Almazbek Atamboev o`zbek va qirg`iz xalqlarining azaliy qardoshlik munosabatlari, urf-odat va an`analari o`xshashligi o`zaro hamkorlikni izchil rivojlantirishda muhim omil bo`layotganini qayd etdi.
Keyingi paytlarda ikki davlat o`rtasidagi aloqalar sezilarli darajada faollashdi. Davlat rahbarlarining telefon orqali muloqotlari, hukumatlar va hududlar darajasida delegasiyalar almashinuvi amalga oshirilmoqda. Mamlakatlarimiz jamoatchiligi vakillarining Andijon va O`sh shaharlariga o`zaro tashrifi bo`lib o`tdi.
Prezidentlar siyosiy muloqotni yanada rivojlantirish va ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarni kengaytirish masalalarini muhokama etib, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik qator muammolar yuzasidan fikr almashdilar.






