“Quvnoqlar va zukkolar hamdo`stligi” xalqaro festivali doirasida harbiy-ta`lim muassasalari o`rtasida o`tkazilgan "QVZ-2017" o`yinlarida qatnashgan mamlakatimiz vakillari – “Sharq yulduzi” jamoasi uchinchi o`rinni egalladi.
O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi xodimlari, jamoatchilik vakillari Toshkent temir yo`l vokzalida Moskvadan qaytib kelgan jamoa a`zolarini tantanali kutib oldi, deb yozadi O`zA.
O`zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri o`rinbosari M.Soliev va boshqalar mamlakatimizda milliy armiyamiz uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan samarali oliy harbiy ta`lim tizimi tashkil etilganini ta`kidladi. Harbiy ta`lim muassasalari kursant va tinglovchilari harbiy kasb bilan birgalikda o`zining ijodiy qobiliyatini ham rivojlantirib, mamlakat hayotida faol ishtirok etish imkoniyatiga ega bo`lmoqda. Har bir oliy harbiy ta`lim muassasasida quvnoqlar va zukkolar klublari jamoalari tashkil etilgan bo`lib, ular O`zbekistonda va xorijda o`tkazilayotgan tadbirlarda muvaffaqiyatli qatnashmoqda.
O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi ta`lim muassasalari kursantlaridan tashkil etilgan "Sharq yulduzi" terma jamoasi quvnoqlar va zukkolar o`yinlarida betakror sharqona hazil-mutoyiba, vokal san`ati va iste`dodini namoyish qildi.






