AsosiySport

O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan murabbiy 70 yoshlik yubileyini nishonladi

'O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan murabbiy 70 yoshlik yubileyini nishonladi'ning rasmi

“Bunyodkor” futbol klubida Yuriy Sarkisyan sharafiga tadbir o`tkazildi. O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan murabbiy, “Do`stlik” va “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi, “Bunyodkor” jamoasi maslahatchi murabbiyi Yuriy Vazgenovich Sarkisyan 2017 yilning 30 may kuni 70 yoshga to`ldi.

Yuriy Sarkisyan katta futboldagi faoliyatini 1970 yilda Termizning “Avtomobilchi” jamoasida boshlagan. U 1975 yilda Farg`onaning “Neftyannik” klubiga o`tdi. Shundan so`ng, 1978 yilda Andijon viloyatining “Shahrixonchi” jamoasida bir yil to`p tepib, yana Farg`onaga qaytdi va futbolchilik faoliyatini oxirigacha ushbu shahar jamoasi sharafini himoya qildi. Sarkisyan professional saviyadagi futbolchilik faolyaitini 1982 yilda yakunladi.

1983 yilda u Moskvaga yo`l oldi va u erda murabbiylar oliy maktabida o`qidi. Murabbiylik diplomiga ega bo`lgach, Sarkisyan “Neftyannik”da murabbiy, katta murabbiy, 1987 yildan boshlab esa bosh murabbiy lavozida faoliyat yuritdi. 1987-1989 yillar mobaynida Sarkisyan boshchiligidagi Farg`ona klubi Sobiq Ittifoq chempionati 2-ligasi 7-mintaqasida bir necha bor birinchi o`rinni qo`lga kiritgan.

1990 yilda O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan murabbiy unvoni sohibi. O`zbekiston oliy ligasining dastlabki mavsumlarida Sarkisyan “Neftchi” bilan ketma-ket oltin medallarni qo`lga kiritgan. U Farg`onaning “Neftchi” klubida 1987-2013 yillar mobaynida faoliyat yuritib, 5 marta oltin, 9 marta kumush medallarni qo`lga kiritdi. Shuningdek, O`zbekiston kubogida ikki bor zafar quchdi.

Yuriy Vazgenovich 2014 yilda Toshkentning “Bunyodkor” jamoasidan taklif oldi va murabbiylar shtabida maslahatchi sifatida faoliyatini davom ettirmoqda. O`zbek futboli muxlislari Yuriy Vazgenovich Sarkisyanni tajribali mutaxassis sifatida juda yaxshi bilishadi va qadrlashadi.

Sarkisyan O`zbekistondagi eng ko`p sovrin yutgan murabbiy hisoblanadi. U besh bor yil murabbiy deb tan olingan. O`zbek futboli rivoji yo`lida qo`shgan hissasi uchun Yuriy Sarkisyan “Do`stlik” va “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.

O`zining 70 yoshini qarshi olayotgan Yuriy Sarkisyan sharafiga bugun “Bunyodkor” futbol klubida tadbir tashkil etildi. Unda O`zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport davlat qo`mitasi raisi Rustam Qurbonov, “Bunyodkor” FK bosh direktori Murodjon Aliev, stadion direktori Voxid Zokirov so`z olib, yubilyarni qutlug` yosh bilan muborakbod etdilar. Tadbirda klub jamoasi, futbol muxlislari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ham qatnashdilar.

O`z navbatida Yuriy Sarkisyan ham so`z olib, barchaga minnatdorchilik bildirdi, bosib o`tgan yo`llari va erishgan yutuqlari haqida gapirib berdi. Shuningdek, kuch-quvvati bor ekan, o`zbek futboli rivoji yo`lida mehnat qilishdan charchamasligini alohida ta`kidlab o`tdi.

Boshqa yangiliklar