AsosiyJamiyat

​Shavkat Mirziyoev Bosh vazir, uning o`rinbosarlari, tegishli vazirliklar va idoralar rahbarlari bilan yig`ilish o`tkazdi

'​Shavkat Mirziyoev Bosh vazir, uning o`rinbosarlari, tegishli vazirliklar va idoralar rahbarlari bilan yig`ilish o`tkazdi'ning rasmi

29 may kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Turkmaniston, Qozog`iston, Rossiya, Xitoy mamlakatlariga tashriflari davomida hamda Turkiya rahbari bilan o`tkazilgan oliy darajadagi uchrashuvlari yakunlari bo`yicha imzolangan bitimlar, shartnomalar va muayyan sohalarda o`zaro sheriklikni rivojlantirishga doir loyihalarni amalga oshirish jarayonining holatini tahlil qilish va baholashga bag`ishlangan yig`ilish bo`lib o`tdi.

Yig`ilishda Bosh vazir, uning o`rinbosarlari, tegishli vazirliklar va idoralar rahbarlari ishtirok etdi, deb yozadi O`zA.

Yig`ilishni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev boshqardi.

Davlatimiz rahbari O`zbekiston rasmiy delegasiyasining Turkmaniston, Qozog`iston, Rossiya va Xitoyga joriy yildagi tashriflari 2016 yilgi Prezident saylovidan keyingi ilk xorijiy safarlar bo`lib, ularning natijalari strategik sheriklar bilan o`zaro munosabatlarni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy hamkorlik ko`lamini yanada kengaytirishga xizmat qilayotganini ta`kidladi.

Qayd etish kerak, har bir tashrif yakunida bitim va shartnomalar qatorida qiymati bir necha milliard AQSh dollariga teng bo`lgan ko`plab loyihalar imzolandi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev mazkur davlatlar rahbarlari bilan muzokaralar chog`ida har bir loyihani alohida muhokama qilib, to`la amalga oshirishga oid masalalar, jumladan, moliyalashtirish imkoniyatlari yuzasidan atroflicha fikr almashdi. Loyihalarning “yo`l xaritalari” tasdiqlanib, ularning bosqichlari, ijro mexanizmlari va mas`ul shaxslar belgilab olindi.

Davlatimiz rahbari bu borada muhim kelishuvlarga erishilganiga qaramay, ayrim rahbar xodimlar imzolangan hujjatlar ijrosini ta`minlashga eskicha yondashayotgani, iqtisodiy hayotimizda ustuvor ahamiyat kasb etadigan, yangi ish o`rinlari tashkil etish, aholining turmush farovonligini oshirish imkonini beradigan bu masalaga etarlicha mas`uliyat bilan qaramayotganini chuqur tahlil asosida, aniq misollar orqali ko`rsatib berdi.

Barcha zarur hujjatlar qabul qilingani, yangi tuzilmalar tashkil etilgani, eksportchi va sarmoyadorlar uchun har tomonlama qulaylik va imtiyozlar berilgani, bir so`z bilan aytganda, mamlakatimizdagi xalqaro iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik sub`ektlarining samarali ishlashi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilganiga qaramasdan, hozircha aniq natijalar ko`zga tashlanmayapti, ijro muddatlari ortga surilmoqda.

Buning sabablaridan biri ishonchli xorijiy sherik va moliya manbalari mavjud bo`lmagan holda samarasiz loyihalar tayyorlash, amalda foyda bermaydigan hujjatlar imzolash holatlari bilan bog`liqdir. Bunday loyihalarning monitoringini yuritish bo`yicha tizimli ish olib borilmayapti. Iqtisodiyotimizga xorijiy sarmoyalarni jalb etish borasidagi ahvol qoniqarli emas.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev bu masalada kamchilik va qoloqlikka yo`l qo`yayotgan har bir vazirlik va idora faoliyatiga tanqidiy nuqtai nazardan baho berdi.

Xususan, Turkmanistonga tashrif asnosida qishloq xo`jaligi texnikasi, mineral o`g`itlar, avtomobillar, qurilish materiallari, maishiy texnika va boshqa mahsulotlar etkazib berish bo`yicha umumiy qiymati 151 million AQSh dollariga teng hujjatlar imzolangan edi. O`tgan uch oy davomida eksport hajmi 12 million dollarni tashkil etdi. Bu umumiy kelishilgan miqdorning 8 foizi, xolos.

Qozog`iston, Rossiya va Xitoyga tashriflar hamda Turkiya rahbari bilan o`tkazilgan muzokaralarda ham bir necha milliard dollarlik yirik kelishuvlarga erishildi. Lekin ularning ijrosiga oid natijalar kutilganidek emas.

Davlatimiz rahbari yig`ilishda hisobot bergan mutasaddi rahbarlar o`z mas`uliyatini keskin oshirishi zarurligini, bajarilmayotgan va kechikayotgan loyiha va shartnomalar uchun ular shaxsan javobgar ekanini alohida ta`kidladi. Har bir loyihaning bajarilishi bo`yicha birinchi galdagi chora-tadbirlarni aniq-ravshan belgilash, moliyalashtirish va ijro jarayonlari bo`yicha zamonaviy va tizimli asosda monitoring olib borish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Sheriklik to`g`risidagi hujjatning imzolanishi avvalo uning ijrosi bilan muhimdir. Davlatimiz rahbari faqat qog`ozda aks etadigan, amalda hech qanday foyda bermaydigan loyihalar tuzishdek eskicha amaliyotdan butunlay voz kechish, bunday odat va kayfiyat bilan ishlashga mutlaqo chek qo`yish lozimligiga alohida urg`u berdi.

Erishilgan barcha kelishuvlarning moliyaviy manbalari, ijro mexanizmlari, logistikasi, mas`ul idoralar va shaxslar hamda boshqa masalalar to`liq hal qilingan bo`lishi, ish puxta va qat`iy amalga oshirilishi kerak.

Prezidentimiz tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga chet davlatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalar va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish borasida maqsadli investision strategiya hamda qabul qilingan kelishuvlar ijrosini ta`minlash bo`yicha Nizom ishlab chiqish vazifasini topshirdi.

Ushbu tizimni takomillashtirish maqsadida mas`ul ijrochilarning har haftada bir marta Vazirlar Mahkamasida va har oyda bir marta Prezident huzurida xorijiy sheriklar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan joriy va ishlab chiqilishi ko`zda tutilayotgan yangi investision loyihalar yuzasidan hisobot berish tartibi o`rnatiladi.

Loyihalarning o`z vaqtida moliyalashtirilishi, mutasaddilarning ijro intizomi, mas`ul shaxslarning mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanishini nazorat qilish Hisob palatasi va Bosh prokuratura zimmasiga yuklandi.

Yig`ilishda dabdabali raqamlar va balandparvoz hisobotlar ortidan quvish emas, yangicha samarali usul va mexanizmlarni tatbiq etish, ahvolni qisqa muddatda sinchiklab o`rganib chiqish va zarur chora-tadbirlar belgilash yuzasidan tegishli ko`rsatmalar berildi.

Boshqa yangiliklar