“O`zbekiston madaniy merosi – xalqlar va mamlakatlar o`rtasidagi muloqotga yo`l” xalqaro ilmiy-madaniy kongressi ishtirokchilari tadbir haqidagi o`z fikr-mulohazalari bilan o`rtoqlashdilar.
Muxbirimiz “San`at assosiasiyasi va Temuriylar tarixi” ta`sischi hamkori va prezidenti, “Temuriylar” jurnali bosh muharriri, “Afrosiyob rassomlik san`atini saqlash” assosiasiyasi vise-prezidenti Frederik Bopertyui-Bressan bilan suhbatlashdi:
- Mazkur kongressni o`tkazish, shu bilan birga “O`zbekiston madaniy meroslarining dunyo muzeylarida saqlanishi” loyihasini amalga oshirish juda ajoyib g`oyadir. Men Temuriylar tarixini o`rganuvchi mutaxassisman, vazifam dunyodagi barcha muzeylardan Temuriylar davriga oid ma`lumotlarni izlash va to`plashdan iboratdir. Bu vazifani amalga oshirishni igna bilan quduq qazishga qiyoslayman, shuning uchun O`zbekiston tarixiga tegishli dunyoning barcha muzeylarida saqlanuvchi artefaktlarni bitta loyihada namoyish etish tashabbusi qalbimni quvonchga to`ldirdi. Bu narsa o`z navbatida mamlakatning boy madaniyatini namoyish qilish imkonini beradi. Axir O`zbekistonga kelmagan odamlar mamlakat haqida etarli ma`lumotga ega emas.
Hatto, O`zbekistonga bir necha kunga tashrif buyurgan sayyohlar ham uning barcha madaniy merosini, tarixiy yodgorliklarini tomosha qilishga ulgurmaydi. Mazkur kitob-albomlar yordamida O`zbekiston madaniyati va tarixini ko`rish va tasavvur qilish imkoniyati tug`iladi. Men o`z nutqimda yana bir marta shu fikrni ta`kidlayman — kitoblar mamlakat madaniyatini rivojlantirishda eng asosiy qurol vazifasini o`taydi. Ayniqsa, ular o`sib kelayotgan yosh avlod uchun juda zarurdir. Men san`atshunos sifatida O`zbekiston madaniyati va tarixiga oid 300 dan ortiq ilmiy-anjumanlar o`tkazganman. Bugun esa olimlar, tarixchilar, san`atshunoslarning O`zbekistonga nisbatan qiziqishi ortganligining guvohi bo`lib turibman. Bu albatta, quvonarli holdir.
Bundan bir necha kun ilgari “Ult xaya” gazetasida “Samarqandning moviy oltini” nomli maqola chop etildi. Men yozgan kitobda esa Samarqand nimasi bilan odamlarni o`ziga jalb etishi haqida ma`lumotlar keltirilgan. O`zbekistonga, qisman Samarqandga tashrif buyurish istagida bo`lgan juda ko`p odamlarni bilaman. O`zim ham quyoshli yurtga kelishni juda yaxshi ko`raman, O`zbekiston yuragimga yaqin mamlakat, men bu erda o`zimni xuddi uyimda yurgandek his qilaman”.






