140 dan ortiq chet ellik olimlar, ekspertlar, diplomatlar, 40 dan ortiq xalqaro tashkilotlar vakillari, shu bilan birga 50 dan ortiq fan vakillari va chet el OAVlari ishtirok etayotgan “O`zbekiston madaniy merosi – xalqlar va mamlakatlar o`rtasidagi muloqotga yo`l” mavzusida ikki kunlik xalqaro ilmiy-madaniy kongress ish boshlagani haqida xabar bergandik.
Rossiya fanlar akademiyasining Buyuk Pyotr (Kunstkamera) nomli antropologiya va etnografiya muzeyi direktor o`rinbosari, tarix fanlari nomzodi Yuliya Kupina kongress haqida o`z-fikr mulohazasini bildirdi:
“O`zbekistonga kelish imkoniyati tug`ilganidan mamnunman, chunki bu erdagi do`stona muhit va odamlar juda ham yoqdi. Kongressdan ko`p narsani kutyapman. Yodgorliklarga boy Samarqandni ko`rishni, bozorlarni aylanishni, muzeylarni tomosha qilishni xohlayapman. Biz turli millat va davlatlarning madaniyatlarini o`rganish bilan shug`ullanamiz. Boshqa mamlakat mutaxassislari bilan hamkorligimiz muloqot tarzida amalga oshadi. Kongressda ko`pchilik bo`lib O`zbekiston haqida suhbatlashish imkoni paydo bo`ldi. Katta bayram arafasida hamma narsaga ulgurishga, har bir suhbatni tinglashga, o`z fikr-mulohazalarim bilan o`rtoqlashishga shoshilyapman. Biz muzeyimiz, loyihalarimiz va kolleksiyamiz taqdimotini o`tkazamiz. Bu erga yig`ilishimizdan asosiy maqsad minbardan turib, taqdimot o`tkazish emas, balki hamkasblarimiz bilan yuzma-yuz muloqot qilishdir”.






