O`zbek futboli afsonalaridan biri – Abduraimov Birodar Hasanovich bugun, 14 may kuni 74 yoshga to`ldi.
O`zbekiston Respublikasida xizmat ko`rsatgan murabbiy, sport ustasi, XX asrning eng yaxshi futbolchilaridan biri sifatida tan olingan Birodar Abduraimov “Shuhrat” medali, “O`zbekiston iftixori” faxriy unvoni sohibi sanaladi.
Afsonaviy futbolchi 1968 yili sobiq Ittifoq chempionatining Oliy liga, 1972 yili esa Birinchi liga to`purari bo`lgan.
Birodar Abduraimov “Paxtakor” safida 358 uchrashuvda maydonga tushib, bu borada rekord o`rnatgan. U sobiq Ittifoq olimpiya terma jamoasi safida ham to`p surgan. Katta murabbiy sifatida 1994 yilgi Osiyo o`yinlarida O`zbekiston terma jamoasining g`olib bo`lishiga o`z hissasini qo`shgan.
Birodar Abduraimov o`zbek futboli tarixida mamlakat chempionati va xalqaro o`yinlarda 200 ta gol kiritgan birinchi futbolchi sifatida qayd etilgan.
Futbolchilik faoliyati davomida Birodar Abduraimov 1960–1968 hamda 1970–1974 yillarda “Paxtakor”, 1969/70 yilgi mavsumda Moskvaning SSKA sharafini himoya qilgan.
1977 yildan O`zbekiston klublarida murabbiy sifatida ishlagan. 1994–1995 yillarda Rustam Akramov bilan birgalikda O`zbekiston milliy terma jamoasini boshqargan.
Uning o`g`il farzandlari Azamat, Jasur, Bahodir va Botir Abduraimovlar ham mashhur futbolchi va murabbiylarga aylandi. Xususan, Jasur Abduraimov 2016 yili O`zbekiston U-19 terma jamoasi bilan Osiyo chempionatida ishtirok etdi va chorak finalga qadar etib bordi. Ayni vaqtda Jasur Abduraimov Toshkentning “Paxtakor” klubiga bosh murabbiylik qilmoqda.






