Bugungi mavzumiz – soch o`sishini rag`batlantiruvchi zamonaviy muolajalardir. Batafsil ma`lumotlarni shifokor, dermatolog-trixolog Sherzod MAHMUDOV beradi.
Plazmolifting
Bu muolaja nafaqat sochni tezroq o`stiradi, balki uning to`kilishiga qarshi samarali kurashish vositasi hamdir. Bir qarashda, muolaja mezoterapiyaga (ya`ni, teri ostiga mikro ukollar amalga oshiriladi) o`xshab ketsa-da, aslida ular o`rtasida katta farq mavjud. Mezoterapiyada muammoni bartaraf etish uchun dori vositalaridan foydalaniladi. Plazmoliftingda esa mijozning qonidan plazma ajratib olinib, qaytadan organizmga yuboriladi. Bu usulning o`ziga xosligi shundaki, qonni tozalash jarayonida soch o`sishiga ko`maklashuvchi trombosid hujayralari saqlab qolinadi. Zardob yuborilgach, hujayralardagi o`sish va ko`payish jarayoni yangilanadi, natijada soch tez o`sa boshlaydi. Bir amaliyot odatda 30-40 daqiqa davom etadi. 3-4 muolajadan keyin uning samarasini seziladi.
Krio uqalash
Suyuq azotning shifobaxsh hususiyatlaridan kosmetologiya va tibbiyotda keng foydalaniladi. Bugungi kunda suyuq azot trixologiyada ham keng qo`llanilmoqda. Azot sovuq haroratda shaffof massaga aylanadi. So`ng maxsus aplikator (paxta bilan o`ralgan tayoq)ni suyuq azotli idishga botirib bosh uqalanadi. Bosh terisida sovuqlik ta`sirida qon aylanishi yaxshilanadi. Bu muolaja terida yig`ilib qolgan bakteriyalarning yo`qolishiga ham yordam beradi. Azotli uqalash davomida bosh terisi bo`ylab issiqlik yugursa, bilingki, qon aylanishi yaxshilanib, teriga kislorod etkazib berish faollashgan bo`ladi. Muolajaning davomiyligi 15 daqiqa, ularning soni esa trixolog shifokor tavsiyasiga ko`ra belgilanadi.
Mikrotok terapiyasi
Sochning tez o`sishini ta`minlash uchun nafaqat uning ildiziga, balki to`qimalariga ham ta`sir ko`rsatish zarur. Mikrotok terapiya muolajasi mezoterapiya hamda plazmalifting kabi in`eksion usulllarga qo`shimcha qilinsa, natija yanada tezroq namoyon bo`ladi. Past chastotali tok impulslari epidermisning eng chuqur qatlamlarigacha etib borib, qon tomirlarini kengaytiradi. Qon aylanishi yaxshilangani natijasida esa sochlar odatdagidan ko`ra tezroq o`sa boshlaydi. Shuningdek, bosh terisida yog` ajralishi normallashadi. Muolajaning davomiyligi 15 daqiqa bo`lib, seanslar soni shifokor tomonidan belgilanadi.
Termosauna
Nomidan ham ma`lumki, muolaja issiqlik yordamida amalga oshiriladi. Issiq bug` ta`sirida bosh terisidagi mayda kataklar ochilib, tiqinlar tozalanadi. Bu esa ozuqaviy moddalarning teriga tezroq singishini ta`minlaydi. Muolaja ta`sirida sochlar sog`lomlashib, jilokorligi yanada oshadi. Muhimi, termosauna muolajasi davomida teri kuyish xavfi yo`q. Uning davomiyligi 10 daqiqa bo`ladi hamda uni qayta-qayta o`tkazish shart emas.
Karboksiterapiya
Stress, noto`g`ri ovqatlanish, turli xastaliklar sabab sochlar o`z-o`zidan o`sishdan to`htashi mumkin. Bu holda karboksiterapiya muolajasi ayni muddao sanaladi. Maxsus asbobning ingichka ignasi yordamida muammoli terining ostiga tibbiy karbonat angidrid gazi yuboriladi. Qon aylanishi yaxshilanib, soch ildizlari oziqlanadi. Hamda soch o`sish jarayonini qayta tiklaydi. Muolajaning davomiyligini sochlar bilan bog`liq muammoning darajasiga qarab shifokor belgilaydi.
Darsonval usuli
Muolaja taroqni eslatuvchi maxsus shisha vakumli elektrod yordamida tarash orqali amalga oshiriladi. Bundan avval sochga maxsus surtma surtiladi va 15 daqiqadan keyin bosh yuviladi. Bu asbob terida qon aylanish jarayonini yaxshilaydi hamda soch ildiziga kislorod etkazib berishi tezlashadi. Bu esa soch o`sish jarayonini rag`batlantiradi. Bu usulning qulayligi darsonval asbobini sotib olish va muolajani uy sharoitida amalga oshirish imkoniyati mavjud.
Saodat Ochilova tayyorladi.






